DARG’INLAR

DARG’INLAR — Dog’iston Respublikasida yashaydigan xalq. Umumiy soni 280,4 ming (1990-yillar o’rtalari). Darg’in tilida gaplashadi. Hozir Darg’inlar o’z tarkibiga kaytag va Kubachi etnografik guruhlarini singdirib bormoqda. Darg’inlar o’zlarini Dargan, kaytaglar — xaydak, kubachilar — urbuchan deb ataydilar. Darg’inlar haqidagi dastlabki yozma ma’lumotlar 9-asr Arab mualliflarining asarlarida uchraydi. Darg’inlar tog’li tumanlarda chorvachilik, tog’ oldi mintaqalarida bog’dorchilik bilan shug’ullanadi. Hunarmandchilik (asosan miskarlik) taraqqiy qilgan. Dindorlari Islom dinining sunniy mazhabiga e’tiqod qiladilar.