DUNAY MADANIYATI

DUNAY MADANIYATI – neolit, eneolit va jez davri arxeologik yodgorliklari. Arxeologik tadqiqotlar O’rta Dunay havzasi (hozirgi Avstriya, Vengriya va Chexiya hududlari) yirik madaniyat markazlaridan biri bo’lganini ko’rsatadi. Dunay madaniyati Dunay bo’yida yashagan qabilalar hayotiga oid. Bu davrlarda kulolchilik keng rivojlangan. Sopol idishlar naqshlar bilan bezatilib, oq, sariq, qizil ranglar bilan bo’yalgan. Ayol haykalchalari ko’p topilgan. Bu davrlarda aholi, asosan, ovchilik, ibtidoiy dehqonchilik va xonaki chorvachilik bilan shug’ullangan. Oybolta, tesha, to’rt qirrali mis bigiz va boshqa mehnat qurollari paydo bo’lgan, ot qo’lga o’rgatilgan. Mis halqalar, bilaguzuk va bo’yin taqinchoqlari, turli shakldagi jo’mrakli, quloqli, dastali, oyokli sopol idishlar bu davr madaniyatining asosiy yodgorliklaridir. Topilgan xilma-xil jez qurollar, bezaklar, oltin va kumush isirg’a va boshqa taqinchoqlarning xususiyatiga ko’ra, bu davrda metall ishlash texnikasi ancha rivojlangan. Dunay bo’yi aqolisi Misr va Mesopotamiya bilan yaqin madaniy aloqada bo’lgan. Dunay madaniyati zaminida Galshtat madaniyati vujudga kelgan.