DAXMA

DAXMA — 1) qabr ustiga o’rnatilgan me’moriy inshoot, maqbara. Ba’zi yuqori tabaqali kishilar ko’miladigan alohida bino, hovlilar ham Daxma deyilgan. Ular qimmatbaho, mustahkam toshlardan ishlanib, go’zal va nafis naqshlar bilan bezatilgan. Samarqanddagi Amir Temur maqbarasini Amir Temur avlodlari uchun, Qo’qonda Qo’qon xonlari xonadoni uchun Daxmalar bor. Bunday Daxmalar boshqa joylarda ham uchraydi; 2) Zardushtiylikda yer ustiga ishlangan va bir necha jasad qo’yilgan inshoot. Bu dinga ko’ra o’likni tuproqqa ko’mish mumkin bo’lmagan, shu sababli minora shaklidagi maxsus Daxmalar qurilgan. Unda o’lik go’shti hayvonlarga «yem bo’lgach», go’shtdan tozalangan suyaklari ostodon (ossuariy)larga solinib, naus degan boshqa inshootga o’tkazilgan. Eronning Kermon viloyatida va Bombayda yashovchi zardushtiylar hanuzgacha minora shaklidagi o’z Daxmalariga ega.