DOG’ISTON

DOG’ISTON, Dog’iston Respublikasi — Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi respublika. Maydoni 50,3 ming kilometr kvadrat. Aholisi 2120 ming kishi (1999). Poytaxti — Maxachkala shahri. 41 tuman, 10 shahar va 17 shaharcha bor. Davlat tuzumi. Dog’iston — respublika. Davlat hokimiyatining oliy organi — Davlat Kengashi. Qonun chiqaruvchi organi — parlament (Xalq Majlisi). Ijroiya hokimiyat — hukumat. Tabiati. Dog’iston Shimoliy Kavkaz tog’larining Sharqiy qismida joylashgan. Sharqda Kaspiy dengiziga tutashadi. Qirg’og’i (uzunligi 530 kilometr) kam parchalangan. Relefi jihatidan Dog’iston hududi 4 qismga bo’linadi: Pasttekislik qismi — Kaspiy bo’yi pasttekisligining Janubi-g’arbi (bu hududning anchagina qismi okean sathidan past), tog’ etaklari, ichki tog’li Dog’iston — keng plato va kambar tizmalardan iborat. Balandligi 2500 metrgacha. Dara va Kanon ko’p. Eng chuquri sulak daryosida (1800 metrgacha). Baland tog’li Dog’iston — Katta Kavkazning Bosh tizmasi yoki suvayirg’ich tizma va uning yon tizmasi. Dog’istonning eng baland joyi — Bozordyuzyu cho’qqisi (4466 metr). Dog’iston zaminida foydali qazilmalardan neft, yonuvchi gaz, toshko’mir, oltingugurt, mergel, kvars qumlari, 200 dan ortiq mineral buloq bor. Iqlimi umuman issiq va quruq. Yanvarning o’rtacha temperaturasi pasttekislikda 1,4° dan -3° gacha (tog’larda -5° dan -11° gacha), iyulda 24° gacha. Yiliga pasttekislikning shimoli-sharqida 200-300 millimetr, tog’larda 600-800 millimetr yog’in yog’adi. Asosiy daryolari: Terek, Sulak, Samur. Terek va sulak daryolari etaklarida ko’l ko’p. Tuprog’i pasttekislik va tog’ etaklarida kashtan tuproq, balandroqda tog’ qoratuprog’i, tog’-o’rmon va tog’-o’tloqi tuproqlari. Pasttekislikda va tog’ etaklarining quyi qismida cho’l shuvoq-sho’ra, chala cho’l boshoqli-shuvoq o’simliklari o’sadi. Tog’ yon bag’irlarida asosan dub, grab, qoraqayin, qayin, qarag’ay o’rmonlari mavjud. Baland tog’li joylarida Dog’iston takasi, bezoar echkisi, elik, tog’echkisi, qo’ng’ir ayiq, asl bug’u, ba’zan qoplon va boshqa sut emizuvchilar uchraydi. Qushlardan tog’kurkasi (ular), kaklik, burgut va boshqalar yashaydi. Kaspiy dengizidan turli xil baliq ovlanadi. Aholisi. Respublikada avar, rus, darg’in, qo’miq, lazgin, lak, Ozarbayjon, tabasaran, tat, chechen, no’g’ay va boshqalarlar yashaydi. Shahar aholisi — 44%. Muhim shaharlari: Maxachkala, Darband, Xasavyurt. Tarixi. Dog’iston hududida odam paleolit davridan boshlab yashab keladi. Miloddan avvalgi 1 ming yillikning oxirlarida Dog’iston aholisi Ozarbayjon hududida vujudga kelgan yirik davlat — Kavkaz Albaniyasi fuqaroligiga o’tgan. Milodiy 3-asrda Janubiy Dog’istonni sosoniylar bosib olgan. 4-asrga kelib Kaspiy sohillarini gunnlar egallagan. 664 yil Dog’istonni arablar egallab, aholi Islom dinini qabul qilgan. 11- asr o’rtalarida Ozarbayjonni va Dog’istonning ko’pgina qismini Saljuqiylar bosib oldi. 12-asr oxirida Avar xonligi degan yirik davlat vujudga keldi. 13-asrning 20-yillarida Dog’istonga mo’g’ullar bostirib kirdi va mamlakat uzoq yillar Oltin O’rda zulmi ostida yashadi. Markazlashgan rus davlati tashkil topgach (16-asr o’rtalarida), Rossiyaning Dog’istonga qiziqishi oshdi. 1722 yil Pyotr I qo’shinlari Dog’istonning dengiz sohillarini bosib oldi. Ganja shartnomasi (1735) dan so’ng bu joylar Eronga topshirildi. Guliston sulh shartnomasi (1813) ga binoan Dog’iston Rossiya qaramog’iga o’tdi. Ammo podsho hukumatining mustamlakachilik siyosati tog’liklarning qo’zg’olonlariga sabab bo’ldi. 19-asrning 30-yillarida muridlik bayrog’i ostida tog’liklarning mustamlakachilikka qarshi milliy ozodlik harakati boshlandi. Harakatga Dog’iston va Checheniston imomlari — G’ozi Muhammad, Hamzatbek va Shomil rahbarlik qildi. Kavkaz urushlari (1817-64) natijasida qo’zg’olon bostirildi. 19-asr o’rtalarida, ayniqsa 90-yillarda Dog’istonda bochkasozlik, neft haydash zavodlari, arqon va qog’oz fabrikalari, bosmaxona va boshqalar vujudga keldi, 20-asr boshlarida korxonalar ko’paydi. 1917 yil 1 dekabrda Petrovsk-portdagi mitingda Sho’ro hokimiyati o’rnatilganligi e’lon qilindi. Ammo, 1918-20 yillarda nemis-turk qo’shinlari va oq gvardiyachilar uni bosib oldilar. 1920 yil mart oyida qizil armiya kuchi bilan Dog’istonda yana Sho’ro hokimiyati tiklandi. 1920 yil 13 noyabrda Dog’iston xalqlarining favqulodda qurultoyida bolsheviklarnkng tazyiqi bilan Sho’ro muxtoriyatini tuzish haqida qaror qabul qilindi. 1921 yil 20 yanvarda butun Rossiya MIK dekreti bilan RSFSR tarkibida Dog’iston ASSR tashkil qilindi. Shu davrdan to 1991 yil maygacha Dog’istondagi iqtisodiy taraqqiyot, maorif, fan va madaniyatning rivoji bir yoqlama yo’ldan bordi.1991 yil maydan Dog’iston Respublikasi deb nomlandi. 1970 yil 14 may kuni Dog’istonda qattiq zilzila bo’ldi. Tabiiy ofat shahar va qishloqlarga katta ziyon yetkazdi. Shu munosabat bilan O’zbekiston ham Dog’istonda uy-joy qurilishi ishlarida katta yordam ko’rsatdi. Dog’istondagi «O’zbekiston» mikrorayoni o’zbek va Dog’iston xalqlari do’stligining ramzidir. Xo’jaligi. Sanoat mahsulotining 80% oziq-ovqat, mashinasozlik, yengil sanoat (gilamdo’zlik)ga to’g’ri keladi. Iqtisodiyotida elektr energetika va neft chiqarish, qurilish materiallari, kimyo sanoati ham muhim rol o’ynaydi. Eng yirik elektr stansiyalari — Chiryurtov GES, Gergebil GES va Chirkey GES. Tabiiy gaz qazib olinadi. Terek-Kuma pasttekisligining shimolda neft va gaz konlari bor. Mashinasozlik va metallsozlik korxonalarida (Maxachqala, Izberbash, Darband, Qizilyurt, Buynaksk) metall qirquvchi stanoklar, kema mexanizmlari, dizellar, elektrotermik asboblar, elektrotexnika apparatlari, separatorlar, nasoslar, turli xil pribor va avtomatika vositalari ishlab chiqariladi. Kurilish materiallari sanoati yirik shisha zdi, uysozlik kombinati va temir-beton konstruktsiyalari zavodidan iborat. Kimyo sanoati korxonalari (Maxachkala) lok, bo’yoq va shisha tola ishlab chiqaradi. Chiryurtovda yirik fosfor tuzlari zdi bor. Oziq-ovqat sanoati rivojlangan. To’qimachilik (asosan ip va jun gazlama), trikotaj, tikuvchilik, ko’n-poyabzal sanoati ham mavjud. Dog’iston gilam to’qish, zargarlik va boshqalar bilan azaldan mashhur. Qishloq xo’jalik bog’dorchilik, tokchilik va g’alla (bug’doy, arpa, makkajo’xori, sholi) yetishtirishga ixtisoslashtirilgan. Chorvachilikda qo’ychilik asosiy o’rinni egallaydi. Ko’proq go’sht-jun beradigan qo’ylar boqiladi, mayin junli qo’ylar ham ko’p. Temir yo’llar uzunligi 435 kilometr, avtomobil yo’llari uzunligi 9600 kilometr. Havo transporti Maxachqalani boshqa shaharlar bilan bog’laydi. Maxachqala yirik dengiz porti hamdir. Sog’liqni saqlash. Dog’istonda 10 mingdan ortiq o’rinli kasalxonalar, ambulatoriya-poliklinika yordami ko’rsatadigan muassasa, 7,7 ming vrach (10 ming kishiga 40,1 vrach) ishlaydi. Bir necha sanatoriy va dam olish uyi, 100 ga yaqin shifobaxsh suv manbai, Talgi kurorti hamda Maxachkala, Richalsuv, Gunib, Buynaksk kabi oromgohlar bor. Maorifi, ilmiy va madaniy-ma’rifiy muassasalari. 295 maktabgacha tarbiya muassasasida 308 mingga yaqin bola tarbiyalanadi. 1589 umumiy ta’lim maktabi (395 ming o’quvchi), 27 ta maxsus o’quv yurti (20,8 ming o’quvchi) bor. 5 oliy o’quv yurti, jumladan Dog’iston universiteti (1957 yil tashkil etilgan; 8 mingga yaqin talaba) da 27,3 ming talaba o’qiydi. 842 ommaviy kutubxona (6,4 million kitob va jurnal), 1066 klub muassasasi, 8 muzey (jumladan, Maxachkaladagi tasviriy san’at muzeyi, S. Stalskiy uy-muzeyi va boshqalar), 7 teatr, 898 kino qurilma bor. Dog’istonda 20 ilmiy tadqiqot muassasasi ishlaydi. Adabiyoti — ko’p tilli (avar, lazgin, tat, no’g’ay va boshqalar). Dog’iston xalqlarining qad. qo’shiqlari, yodnomalari, ertak, afsona, maqol va hikmatli so’zlari bu adabiyotning yaratilishiga asos bo’lgan. Lakcha «Partu Patima», «Nodirshohning tor-mor etilishi haqida», avarcha «Xochbar haqida qo’shiq», qo’miqcha «Oyg’ozi haqida qo’shiq» kabi qo’shiqlarda xalqlarning jabr-zulmga va Eron bosqinchilariga qarshi kurashi kuylanadi. 17-18-asrlarda xalq og’zaki ijodida baxshichilik san’ati rivojlandi. Yozma adabiyotda esa zullisonayn ijodkorlar ko’paydi (Hoji Muhammad ibn Musa al-Qudutli, Hoji Dovud al-O’sishiy, Muhammad ibn Ali al-Ubriy va boshqalar). Arab grafikasi asosida «Ajam» yozuvi paydo bo’ldi (18-asr). 19-asrda Dog’iston adabiyotida demokratik g’oyalar chuqur ildiz ota boshladi (qo’miq Yirchi qozoq, lazgin etim emin, darg’in Umarla Botiray va mungi Ahmad, rugujilik avar Eldarilav, batlaychalik Tojutdin va boshqalar ijodida). Bu davrda lirika yana o’sdi. Darg’in Suqur Qurbon, lak Malley, Avar Mahmud, qo’miq shoirlari Anxil-Marin va Patimat, lazgin g. Alqodiriy, lak G. Guzunov va Yu. Murkelinskiy, qo’miq M. Albekov, M. Osmonov, N. Botirmirzayev kabi ijodkorlarning asarlarida jamiyat turmushini o’zgartirish, ta’lim-tarbiya haqidagi ilg’or fikrlar ilgari surilgan. 20-asrda S. Stalskiy, Hamzat Tsadasa, S. Gabiev, G. Saidov, 3. Botirmirzaev, P. Nurov, A. Iminog’aev, Hoji Axtinskiy, tloxlik Muhammad kabi shoir va yozuvchilar ijod qildi. Drama asarlari yaratila boshladi (G. Saidovning «Miskarlar», Z. Botirmirzayevning pyesalari va boshqalar). 20-30-yillarda avar Z. Gajiev, Darg’in R. Nurov, A. Iminog’aev, Qo’miq A. P. Salavatov, A. Magomedov, B. Ostemirov, T. Boybulatov, lak I. Qurbonaliev, M. Charinov, lazgin A. Fataxov kabi ijodkorlar etuk badiiy asarlar yaratishdi. 2-jahon urushi yillarida H. Tsadasa, Qoziya Ali, A. G’afurov, A. Ajiev, A. V. Sulaymonov, Yu. Xappalaev kabi shoirlar xalqni fashistlarga qarshi kurashga chaqirdi. Urushdan keyingi yillarda Dog’iston adabiyotining ko’lami kengaydi, xilma-xil badiiy shakl, uslub va janrlar vujudga keldi. Dog’iston xalq shoiri R. Hamzatov «Tug’ilgan kunim», «Qalbim tog’larda», «Tog’qizi» kabi dostonlari, jo’shqin she’rlari bilan dunyoga mashhur bo’ldi. Keyingi davrda Fazu Alieva, A. Saidov, S. Rabadanov, G. Bagandov, S. Izgiyaev, M. Otaboeva, M. Aminovlar barakali ijod qildilar. Dog’istonda bolalar adabiyoti ham rivoj topdi (R. Rashidov «men xush ko’rgan bolalar», «ovulimizga qish keldi»; R. Hamzatov «Bobom»; Z. Gajiev «Vodiy qushchalari», «Qorbobo tog’da»; A. Magomaev «bobo va nabira»; D. Atnilov «birinchi dars» va boshqalar to’plamlar). Dramaturgiyada ham yetuk asarlar yuzaga keldi (M. Aliev «Ramazonovlar oilasi»; M. Gairbekova «Uchrashuv»; A. Ajamatov «Kelinlar»; T. Xuryugskiy «Oshiq Sayd»; A. Qurbonov «Qaytmasning to’yi»; G. Rustamov «Rayhon» va boshqalar). Dog’iston adabiyotida barcha adabiy janrlar, jumladan, kinodramaturgiya (Ahmadjon Abu Bakar «bulutlar tarqaldi», «Adam va Xeva») va adabiyotshunoslik rivojlangan. S. Stalskiy she’rlari, R. Hamzatovning «yuksak yulduzlar» she’rlar to’plami va «Dog’istonim» asari o’zbek kitobxonlarining ham mulki bo’lib qoldi. Me’morligi va tasviriy san’ati. Uzunligi 40 kilometrdan ortiq Darband mudofa istehkomining tosh devorlari va qal’alari 6-asrda barpo etilgan. 8-9-asrlarda Arab me’morligining ta’siri kuchaydi (Darbanddagi jome masjid). Dog’iston me’morligi asrlar davomida, asosan xalq me’morligi asosida rivojlangan (bu yerda yashovchi har bir xalq o’ziga xos me’morlik usuliga ega). Tog’li joylarda ovullar uzun tor yo’lakli va zinali ko’chalardan iborat bo’lib, toshdan turar joy, jome masjid va boshqalar qurilgan. 14— 15-asrlar va 17-18-asrlardagi yodgorliklar Ozarbayjon me’morligiga yaqin uslubda barpo etilgan, Darbandda mahalliy me’morlik maktabi shakllangan. 18— 19-asrlarda uylar tog’larda toshdan, tekislikda somonli loydan qurilib, asosan ichki bezagiga (naqshlar, yog’och o’ymakorligi va boshqalar) ahamiyat berilgan. 20-asrda uylarning tashqarisini o’ymakori naqshlar bilan bezash avj olgan. 19-20-asrlarda Dog’istonda rus klassisizmi uslubida binolar barpo etildi. Keyingi davrda eski shaharlar qayta qurildi, ko’plab maishiy-ma’muriy va turar joy binolar (Maxachqalada — hukumat uyi, me’mor A. M. Alxazov; «Dog’iston» mehmonxonasi, me’mor G. Grimm; Drama teatri, me’mor G. Ya. Movchan va boshqalar) zamonaviy uslubda yaratildi. Dog’iston hududida neolit va jez davrlariga oid sopol buyumlar, naqshlangan toshlar, badiiy metall buyumlar topilgan. O’rta asrlarda togdagi ovullarning kupi hunarmandlik buyumlari ishlashda turli sohalar bo’yicha ixtisoslashgan. Ko’p tumanlarda gilam, guldor paypoqlar juda qadimdan to’qiladi. 20-asrning 2-yarmida tasviriy san’at rivojlandi. Rassomlardan M. A. Jamol, Yu. A. Mo’llaev, haykaltarosh X. N. Asqarsarija Dog’iston tasviriy san’atiga asos soldilar. 1950-60-yillardan A. I. Avgustovich, K. A. Murzabekov, A. I. Sharipov, aka-uka Sungurovlar kabi rassomlar ijod qila boshladi. 1959 yil Maxachqalada M. A. Jamol nomidagi badiiy san’at bilim yurti ochilgan. Musiqada qahramonlikni kuylash alohida o’rinda turadi. Mehnat va muhabbatni madh etish odat tusiga kirib qolgan. Puflama sozlardan — zurna, duduk, Balaban, kshul, torli musiqa asboblaridan — yog’och-qo’muz, tara, Tamur, saz, kamancha, urma cholg’ulardan — tep, gaval, diplipito, shuningdek, bayan, balalayka, mandolina, skripka, gitara, klarnet kabi xilma-xil cholg’u asboblari jo’rnavozligida kuylash odat tusiga kirgan. Lezginkalar bilan birga sho’x raqslar ko’p tarqalgan. Ustozona musiqa namoyandalari (lazgin va laklarda — oshiq, qo’miqlarda — Yirchi, avarlarda — shoir, kochoxon, darg’inlarda — dalalayla yoki usta)ning ijodi an’anaviy musiqa san’atining asosiy qismini tashkil etadi. Dog’istonda musiqa bilim yurti, simfonik orkestr, xalq cholg’u asboblari orkestri, ashula va raqs ansambli, filarmoniya, musiqa bilim yurti va bir necha musiqa maktabi mavjud. Teatr san’ati qo’miq, avar, lazgin, lak, darg’in va b. xalqlar ijodidan tashkil topgan. Paxlavon-akrobatlar, dorbozlar, jonglyor va xalq qiziqchilari («dombaylar») san’ati keng tarqalgan. 1914 yilda lezginlarning, 1915 yilda laklarning, 1916 yilda qumiklarning havaskor drama to’garaklari vujudga keldi. 30-yillarda qo’miq, lazgin, avar, lak musiqali drama teatrlari ochildi. Shu teatrlarning tashkil topishi va rivojlanishida A. P. Salavatovning pesalari, R. Fatuevning «Tog’liklar», A. Ajamatovning «Ansor», M. Xurshilovning «o’tgan kunlar» kabi asarlari muhim ahamiyatga ega bo’ldi. R. Hamzatovning «tog’qizi», B. Aydaevning «Sulaymon Stalskiy», U. Mantaevning «Takdir», M. Sulaymonovning «Tog’dagi qal’a» va boshqa pyesalari Dog’iston teatrining keyingi davrdagi asosiy mahsulidir. Dog’iston teatr arboblaridan B. M. Murodova, A. S. Kurumov, S. A. Kuxmazov, 3. N. Nabieva, G. A. Rustamov, M. R. Rashidxonov, Sh. Abdullaev, M. Abduxoliqov, A. Qurbonova va boshqalar mashhur.