DENGIZ GEOLOGIYASI
DENGIZ GEOLOGIYASI – dengiz va okeanlar tubining geologik tuzilishi va rivojlanish tarixini o’rganuvchi fanlar majmui. Dengiz geologiyasi asosiy vazifasi okean va dengizlar tubi relefining paydo bo’lishi, tarkibi va rivojlanishini o’rganadi, ularda foydali qazilmalarning hosil bo’lish sharoitlari va joylashish holatini aniqlaydi. Dengiz tubi relefining hrsil bo’lish sharoiti, taraqqiyoti, tarkibi, cho’kindilar, magmatik va metamorfik tog’ jinslarini dengiz tubida joylashishi, okean osti yer pusti tektonikasi, geodinamikasi, yer chuqurlik qismining tuzilishi, undagi vulkan jarayonlari, seysmikligi, yonuvchi (neft va gaz), rudali konlarning hosil bo’lishi va tarqalishini o’rganadi. Dengiz geologiyasi okeanologiya va geologiyaning sohalari, shuningdek, tabiiy geografiya, iqlimshunoslik, biologiya va boshqa tabiiy fanlar bilan yaqindan bog’liq holda taraniy qildi. Dengiz geologiyasini o’rganish shotland geologi J. Gettonning 1788 yilda «Yer nazariyasi» asarining nashr etilishidan boshlangan. Dengiz litologiyasi sohasida dastlabki ilmiy tadqiqotlar inglizlarning «Chellenjer» kemasida (1872-76) olib borildi. 19-asr oxiri —20-asr boshlarida dengiz va okeanlar tubining relefi, geokimyosi, yotqiziklari, okean chekkalari magmatizmi atroflicha o’rganildi. 20-asr o’rtalariga kelib Dengiz geologiyasini o’rganishda maxsus kemalardan foydalanish, dengiz geofizikasi metodlari taraqqiyoti, suv ostini rasmga olish va sh.k. Dengiz geologiyasining mustaqil fanga aylanishiga sabab bo’ldi. 60-yillarda bajarilgan ilmiy tadqiqot ishlari natijasida okean osti yer po’stining nisbatan yosh ekani va uning tubi siljib turishi aniqlandi. 1968 yilda AQShda «Glomar Chellenjer» kemasida chuqur suv osti burg’ilashning boshlanishi Dengiz geologiyasida muhim bosqich bo’ldi, keyinchalik bunday burg’ilashlar xalqaro hamkorlikda bajarildi. Okean tubi tektonikasi printsiplari va dunyo okeani tubining rayonlashtirish sxemasi ishlab chiqildi. Yer po’stining chuqur gorizontlarida, ehtimol mantiyada ham shiddatli tektonik deformasiyalar bo’lib, bular bo’yicha massalar siljib tangachasimon strukturalar hosil qilishi ma’lum bo’ldi. Okeanlar geomagnit maydonini o’rganish asosida litosfera plitalarining yoshi aniqlandi, paleomagnit ma’lumotlaridan foydalanib okean qa’ri va bo’sh jinslar bo’limlarga ajratildi. Dengiz va okeanlardagi foydali qazilmalar aksari neft, gaz, temir rudalari, oltingugurt, fosforit, glau-konitli qum, Nodir metalli temir-marganes g’uddalari va turli sochmalar, shu jumladan oltin, tuz va boshqalardan tashkil topgan. Dengiz osti konlari hozirgi rivojlangan dengiz atrofi davlatlari tomonidan intensiv ravishda o’zlashtirilmoqda. Dengiz geologiyasi bo’yicha muhim ilmiy markazlar Rossiya Federatsiyasi (okeanologiya instituti, yer pusti instituti), Ukraina (Geologiya fanlari instituti), AQSh (Vudsxol okeanografiya instituti va boshqalar), Frantsiya (Per va Mariya Kyuri nomli universitet)da bor. Shuningdek, Dengiz geologiyasi bo’yicha ilmiy tadqiqot ishlari, Germaniya, Yaponiya, Avstraliya, yangi Zelandiya va boshqa geologiya muassasalarida olib borilmoqda.