DEHQONCHILIK MADANIYATI

DEHQONCHILIK MADANIYATI – dehqonchilikni yuritishning dehqonchilik qonun-qoidalari va agrotexnologiya me’yorlariga muvofiqligi darajasi. «Dehqonchilik madaniyati» tushunchasi keng ma’noda umuman jamiyatda dehqonchilikni yuritish darajasini bildiradi, tor ma’noda dehqonchilik bilan shug’ullanadigan insonning dehqonchilikka oid bilim va tajribalari hamda uni qo’llash mahorati, malakasini anglatadi. Jamiyat taraqqiyotidagi har bir muayyan davrning o’ziga xos Dehqonchilik madaniyati mavjud va bu madaniyat asrlar davomida vorisiylik asosida boyib va yangilanib boradi. Dehqonchilik madaniyatining paydo bo’lishi va rivojlanib borishi jamiyatning ishlab chiqaruvchi kuchlari, ayniqsa sanoat ishlab chiqarishi va fan-texnika taraqqiyoti bilan chambarchas bog’liq. Dehqonchilik xalq xo’jaligidagi boshqa tarmoqlardan ishlab chiqarishning tabiiy va iqtisodiy jarayonlari birgalikda kechishi bilan farq qiladi. Yer (tuproq) va o’simlik asosiy ishlab chiqarish vositalari va ayni paytda mehnat ob’ektlari tarzida namoyon bo’ladi. Tuproq g’oyat muhim xususiyatga — unumdorlik xususiyatiga, ya’ni yetishtiriladigan o’simlikni suv, oziq moddalar unsurlari va bog’langan azot bilan uzluksiz ta’minlash xususiyatiga ega. Tuproqning tabiiy (potentsial) va iqtisodiy (samarali) unumdorligi bor. Tabiiy tuproq unumdorligi uzoq davom etadigan tuproq hosil bo’lish jarayonlari natijasida yuzaga keladi; tuproqning fizik, kimyoviy biologik xususiyatlari mahalliy iqlim xususiyatlari bilan chambarchas bog’liklikda amal qiladi. Tuproqning iqtisodiy unumdorligi jamiyatning ishlab chiqaruvchi kuchlari rivoji jarayonida inson tomonidan yaratiladi. O’simliklar tabiiy tuproq unumdorligidan foydalanib (tuproqdan suv, oziq moddalari va azotni shimish), atmosferadan karbonat angidrid gazini o’zlashtirish, quyosh kinetik energiyasini tutish va qayta o’zgartirish, pirovard natijada noorganik moddalarni organik moddalarga aylantirish, ya’ni turli-tuman dehqonchilik mahsulotlari tarkibiga kiradigan oqsil, kraxmal, qand, moy va boshqa moddalar yaratish xususiyatiga ega. Yer sirtida tabiiy sharoitlarning xilma-xilligi ekinlarni yetishtirishda maxsus usul va vositalar qo’llash, agrotexnologiyani har bir hudud, xo’jalik, hatto har bir dalaning tuproqiqlim sharoitlariga, shuningdek, ekilgan ekinlar tur va navlarining biologik xususiyatlariga qarab tabaqalashtirish zaruriyatini keltirib chiqaradi. Dehqonchilikda insonning eng muqim vazifasi — agrotexnologik, meliorativ, tashkiliy va iqtisodiy tadbirlar majmuini bajarish yo’li bilan, ya’ni oqilona dehqonchilik tiziminsh amalga oshirish yo’li bilan tabiiy tuproq unumdorligini iqtisodiy unumdorlikka aylantirishdan, hosil olishdan iborat. Shu sababli dehqonchilikning Real yutuqlarini ta’minlashda inson — dehqon malakasi va mahorati Markaziy o’rinda turadi. Dehqonchilik madaniyatining yuksalishida dehqonchilikning moddiy-texnika bazasi — mehnat qurollarining takomillashuvi va fan yutuqlarining dehqonchilikka joriy qilinishi hal qiluvchi o’rinda turadi. Tarixan olganda omoch, plug, traktor, hosilni yig’ib oladigan kombaynlarning yaratilishi, fan-texnika, jumladan selektsiya yutuqlari dehqonchilikda buyuk yuksalishlarni ta’minladi va Dehqonchilik madaniyatini yangi darajaga ko’tardi. Dehqonchilik madaniyatining ob’yektiv mazmuni ilmiy asosda ishlab chiqiladigan dehqonchilik tizimida ifoda etiladi. Shu sababli Dehqonchilik madaniyati ilmiy jihatdan isbotlangan dehkrnchilik tizimini yaratish va joriy qilishni, fan va texnika yutuqlarini hamda ilg’or tajribalardan ijodiy foydalanishni nazarda tutadi. Yuqori darajadagi Dehqonchilik madaniyati insonning dehqonchilikning asosiy qonunlari talablariga muvofiq faoliyatini — tuproq hosildorligini saqlash va oshirish, almashlab ekish qoidalariga amal qilish; selektsiya va urug’chilik ishlarini bilish va tashkil qilish, serhosil navlarning sifatli urug’ligini ekish; har bir ekinga xos agrotexnologiyani qo’llash; tuproqqa to’g’ri ishlov berish; sifatli urug’likni belgilangan muddatlarda ekish, ekinlarni sifatli parvarish qilish; o’g’itlardan to’g’ri va unumli foydalanish; barcha agrotexnologik tadbirlarni optimal muddatlarda o’tkazish; dehqonchilikni mexanizatsiyalash, kimyolashtirish, o’simliklarni himoya qilish tizimini to’g’ri tashkil qilish; mehnatni iqtisodiy rag’batlashtirishni talab qiladi. Bundan tashqari O’rta Osiyo va xususan O’zbekistonda dehqonchilikning asosiy turi bo’lgan sug’orma dehqonchilik sharoitlarida yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va sug’orish madaniyatini egallash muhim o’rinda turadi. Yuqori darajadagi Dehqonchilik madaniyati uchun kurash dehqonchilikning yuqori unumdorligini ta’minlashga xizmat qiladi. O’zbekistonda Dehqonchilik madaniyati ilmiy asosda rivojlanmoqda. Nazariy masalalar, yangi ilmiy tavsiyanomalar sinalib, so’ngra ishlab chiqarishga joriy etilmoqda. Dehqonchilik madaniyati yuksalishida o’rta va oliy o’quv yurtlari, ta’lim markazlari faoliyati, ilmiy tadqiqot muassasalari izlanishlari, ilg’or fermer, dehqon xo’jaliklari tajribalari, agronom-mutaxassislar malakasi muhim rol o’ynaydi. Sulton Xolnazarov.