DIQQAT

DIQQAT — sub’yekt faoliyatining biror ob’yekt yoki hodisaga jalb qilinishi. U har qanday ongli faoliyat samaradorligining zarur shartidir. Bosh miya po’stlog’ining muayyan joylaridagi optimal qo’zg’alish manbalari Diqqatning fiziologik asosini tashkil qiladi. Diqqat ikki turga bo’linadi: ixtiyorsiz (passiv) Diqqat va ixtiyoriy (aktiv) Diqqat Ixtiyorsiz Diqqat biron tashki sabab ta’sirida kishi xohishidan qat’i nazar hosil bo’ladi. Bunday Diqqat odamdan Iroda kuchini talab qilmaydi. Diqqatni jalb qilish uchun qo’zg’atuvchining kuchi katta ahamiyatga ega; masalan, narsaning chiroyliligi, yorqinligi, o’tkir hidliligi va boshqa xususiyatlari Diqqatni beixtiyor tortadi. Ixtiyoriy Diqqatda psixik faoliyat oddindan belgilangan maqsad bilan muayyan narsaga ongli ravishda jalb etiladi. Diqqatning bu turi Iroda kuchini talab qiladi; shuning uchun bu Diqqat irodaviy Diqqat deb ham ataladi. Insonning butun ongli faoliyati asosan ixtiyoriy Diqqat vositasida amalga oshiriladi. Diqqatning barqarorlik, ko’chuvchanlik, bo’linuvchilik kabi xususiyatlari, ko’lami bor. Diqqatning barqarorligi uning yagona, umumiy (masalan, kitob o’qish, masala yechish kabi) ishga xizmat qiluvchi narsa yoki hodisaga uzoq muddat jalb bo’la olishidan iborat. Bunda harakat ob’yektlari (masalan, kitob matni, masalada berilgan sonlar va shu kabilar) hamda harakatning o’zi (masalan, masalani yechish yo’llari) o’zgarib turishi mumkin, lekin faoliyatning umumiy yo’nalishi o’zgarmay saqlanishi lozim. Ko’chuvchan Diqqat bir faoliyatdan yoki narsadan boshqa faoliyat yoki narsaga tez jalb bo’ladi. Bu xususiyat Diqqatning avvalgi narsaga qay darajada qaratilganligiga va yangi faoliyatning xususiyatiga (uning Diqqatni qanchalik qarata olishiga) bog’liq. Diqqatning bo’lina olish xususiyati bir vaqtning o’zida 2 yoki undan ortiq ish-harakat bajarishda aks etib, ko’p kasb egalari (masalan, o’qituvchi, shofyor, uchuvchi) uchun ayniqsa katta ahamiyatga ega. Bu xususiyat bir faoliyatni bajarish xiyla avtomatlashib, ikkinchi faoliyat bir qadar tanish bo’lib qolgandan keyin tarkib topadi. Diqqat ko’lami uning eng qisqa vaqt ichida (go’yo birdaniga) o’z doirasiga sig’dira olishi mumkin bo’lgan narsalar soni bilan belgilanadi. Shu jihatdan Diqqat keng yoki tor bo’lishi mumkin. Odatda, keng ko’lamli Diqqat yaxshi Diqqat hisoblanadi. Diqqat ko’lami idrok qilinayotgan narsalarning hamda ularni idrok qilayotgan kishi faoliyatining vazifasi va xususiyatiga bog’liq. Diqqatning aksi parishonxotirliklar. Bunda odam Diqqatini biror narsaga to’play olmay, hamma vaqt boshqa narsalarga chalg’iyveradi. Shunday holat kishi qattiq charchaganda, uning uchun ahamiyatsiz juda ko’p qo’zg’atuvchilar mavjudligida yoki, aksincha, bitga ham qo’zg’atuvchining odam uchun ahamiyati bo’lmaganda ro’y beradi. Mashq qilish bilan parishonxotirlikka barham berish mumkin. D.ning turlari va xususiyatlari odamning juda yoshlik davridan boshlab rivojlanadi va hayoti davomida o’zgarib, murakkablashib boradi.