«DINAMO»

«DINAMO» — jismoniy tarbiya va sport jamiyati. Bu jamiyat O’zbekistonda 1925 yildan faoliyat ko’rsatadi. 1993 yilda O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida ro’yxatdan o’tgan. O’zbekistonning «Dinamo» jamiyati maqsad va vazifalariga ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati, Davlat bojxona qo’mitasi tarmoklaridagi zobit-xizmatchilar hamda ularning oila a’zolari o’rtasida jismoniy tarbiya va sportni yanada ommalashtirish, merganlik, yakkakurash, amaliy sport turlarini rivojlantirish orqali shu tarmoqlardagi zobit-xizmatchilarning mehnat samaradorligini oshirish va mahoratli sportchilarni tarbiyalash kiradi. «Dinamo» jamiyatini hay’at boshqaradi. Uning Qoraqalpog’iston Respublikasi va viloyatlarda bo’limlari bor. Jamiyatda merganlik, qo’l jangi, boks, dzyudo, sambo, karate, erkin kurash, yunon-rum kurashi, O’zbekcha kurash, futbol, voleybol kabi sport turlari keng ommalashgan. Toshkent shahridagi «Jar», «Dinamo» kabi o’nlab zamonaviy sport inshootlariga ega. Ularda aholiga pullik xizmat ko’rsatish ham keng yo’lga qo’yilgan. O’zbekiston Ichki ishlar vazirligiga qarashli «Akademiya» futbol klubi musobaqalarda muvaffaqiyatli qatnashgan. «Dinamo» jamiyatining 90 mingdan ziyod a’zosi bo’lib, malakali murabbiylar qo’l ostida 40 dan ortiq sport turi bo’yicha shug’ullanishadi. «Dinamo» jamiyatida 5 nafar xizmat ko’rsatgan sport ustozi, 12 nafar xizmat ko’rsatgan sportchi ishlaydi (2001). Rufat Riskiev, Muhammadqodir Abdullaev, Dilshod Yorbekov, Sergey Mixaylov, To’lqin Turg’unov, Ruslan Chagaev, O’tkir Haydarov (boks), Elvira Saadi (sport gimnastikasi), Komil Fatkulin (yunonrum kurashi), Armen Bagdasarov (dzyudo), Bobomurod Fayziev, Shuhrat Xo’jaev (sambo va O’zbekcha kurash) kabi «Dinamo»chilar Olimpiada, Osiyo o’yinlari, jahon kubogi g’oliblari, jahon va Osiyo chempionlari hamda sovrindorlari bo’lishgan.