DINIY EKSTREMIZM

DINIY EKSTREMIZM – ba’zi diniy tashkilotlar yoki ayrim dindorlarning jamiyat qonun-qoidalariga mos kelmaydigan mafkurasi va faoliyati. Diniy ekstremizm ko’pchilik dinlarda mavjud bo’lib, uning tarafdorlari o’z oldiga siyosiy maqsadlarni qo’yadi. Islom ekstremizmining aqidasiga ko’ra, birinchidan, go’yo barcha hozirgi zamon musulmon jamoalari Islomiy tuslarini yo’qotganlar va «johiliya» asri jamiyatlariga aylanganlar. Bunday yondashuv hukumat va uning olib borayotgan siyosatini keskin tanqid qilish uchun «asos» bo’lib xizmat qiladi. Ikkinchidan, go’yo faqat «haqiqiy» musulmonlar hokimiyatga kelgach, barpo bo’lajak «Islomiy tartib»ni urnatish uchun keskin va agressiv harakat qilmoqlari lozim. Bunday harakatning konunga muvofiqligi masalasi ular tomonidan umuman o’rtaga qo’yilmaydi, zero, ular faqat shariatga (bu ham ularning tor talqinida) tayanib ish ko’radilar va o’zlarini islomdan chekingan hokimni ag’darishga guyo haqli deb biladilar. Islom ekstremizmining «nozik» tomoni uning «din»ga (haqiqiy dinga emas) asoslanganidadir. Guruh rahbarlari o’z qo’l ostidagi a’zolarining ongiga shu darajada ta’sir o’tkazadilarki, ular hatto o’zlarini qurbon qilishga, muayyan maqsad yo’lida «shahid» yoki «kamikadze» bo’lishga tayyor turadilar. «Musulmonbirodarlar» harakati (Misr, 1928) dan yetishib chiqqan Sayyid qutb (1906— 65) hozirgi zamon Islom ekstremizmining g’oyaviy asoschisi sifatida tan olingan. Uning «nazariya»siga ko’ra, o’zini musulmon deb hisoblovchilarning ko’pchiligi aslida musulmon emas, va umuman, barcha davlatlar Islomga qarshidirlar. Demak, maqsad — Islom davlatini barpo qilish va jamiyatni to’lig’icha islomlashtirishdir. Xristian dinining ba’zi sektalariga asoslangan ko’plab diniy ekstremistik harakatlar ham mavjud. Ayniqsa, «yahvechilar», «pyatidesyatniklar», «tashabbuskor baptistlar» umuman qonuniy hokimiyat va dunyoviy qonunlarni tan olmaydilar. Ularning fikricha, go’yo cherkov davlatdan yuqori. Pyatidesyatniklarning ba’zi guruhlari esa o’z tobelarini o’ta shafqatsizlik bilan ado etiladigan ibodatlarga zo’rlaydilar, dunyo ne’matlaridan voz kechib, tarkidunyochilik bilan yashashga da’vat etadilar. Diniy ekstremizm yoki ashaddiy aqidaparastlik turli ko’rinishlarda namoyon bo’lishi mumkin. Masalan, Olsterdagi «Ultra» protestantlar, yaqin va O’rta Sharqdagi «musulmon-birodarlar», Markaziy Osiyo va Kavkazda paydo bo’lgan vahhobiylar va boshqalar. Ular jamiyatga va qonunlarga deyarli bir uslubda qarshi kurash olib boradilar. Diniy ekstremizm muayyan ko’rinishda O’zbekistonda ham paydo bo’ldi. Islom ekstremizmi guruhi faoliyati natijasida 1997 yil dekabrda Namangan shahrida bir necha qotilliklar yuz berdi. O’tish davriga xos iqtisodiy qiyinchiliklar, xalqning diniy qarashlarga ta’sirchanligi va diniy urf-odatlarga moyilligidan foydalanib, ekstremistlar ochiqdan-ochiq kuch bilan Farg’ona vodiysida ijro va sud hokimiyatining ayrim vazifalarini o’zlashtirishga harakat qildilar. 1999 yil 16 Fevralda Toshkent shahrida yuz bergan voqealar diniy aqidaparastlarning asl maqsadi konstitusiyaviy tuzumga zarba berish va hokimiyat tepasiga kelish ekanini ko’rsatdi. Diniy ekstremizmning O’zbekistonga tahdidini aqidaparastlikni yoyish orqali mavjud davlatga ishonchni yo’qqa chiqarishga urinishda kuzatish mumkin. Ekstremistlar jamiyatda erksiz, mute, faoliyatsiz kishilar safini orttirish, «soxta» va «haqiqiy» dindorlik belgilari bo’yicha qarama-qarshilikni keltirib chiqarishni ko’zlaydilar. Ular o’z maqsadlariga erishish uchun jangarilarni tayyorlashga ham harakat qildilar. O’zbekistonni G’arbga «islomlashtirilgan», Sharqqa esa, aksincha, «dinsiz», «daxriy» shaklda ko’rsatib, respublikaning xalqaro obro’siga putur yetkazish niyatida bo’ldilar. Ular umuman Islom tsivilizasiyasi bilan noislomiy tsivilizasiyalar o’rtasida yalpi qarama-qarshilikni kuchaytirish kabi yovuz rejalarni tuzishdan ham qaytmadilar. 2000 yilning kuzida ekstremistlarning O’zbekistonga qurolli hujum uyushtirgani ularning Afg’onistonda in qurib olgan xalqaro terrorchilar va narkobiznes bilan uyushib ketganidan dalolat berdi. Shu munosabat bilan Prezident Islom Karimov: «bugun dinimizni asrash kerak, mo’min-musulmonlarni ximoya qilish kerak. Lekin dinimizni, birinchi galda, o’zini «chin musulmon» deb da’vo qilayotgan ana shu yovuz kuchlardan, har qadamda «jihod» deb og’iz ko’pirtirib, din nomidan buzg’unchilik qilayotgan qonxo’r va qotillardan asrash kerak», — degan edi. Faqat 2001 yil 11 sentabr kuni Nyu-York va Vashingtonda sodir etilgan mudhish terrorchilik hujumlaridan keyingina dunyodagi yetakchi davlatlar AQSh boshchiligida bu yovuz illatga qarshi keng miqyosda kurashga bel bog’ladi. Ad.: Karimov I. A., O’zbekisto XXI asr bo’sag’sida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari, T., 1997. Ahadjon Hasanov.