EKZOBIOLOGIYA
EKZOBIOLOGIYA (ekzo… va biologiya) — kosmik biologiya yo’nalishlaridan biri; tirik materiya va organik moddalarni kosmosdan va boshqalar planetalardan axtarish bilan shug’ullanadi. Ekzobiologiyaning asosiy maqsadi kosmosda hayotning mavjudligi to’g’risida bevosita yoki bilvosita dalillarga ega bo’lishdan iborat. Kosmik bo’shliqda spektroskopik metodlar yordamida organik birikmalarning sintezlanishi uchun zarur bo’lgan moddalar (tsianid kislota, formaldegid va boshqalar) topilganligi ekzobiologik tadqiqotlar uchun asos bo’ladi. Ekzobiologiya metodlari yordamida hayotning o’zga planetalardagi izlarini topish hamda topilgan organizmlarning ayrim xususiyatlarini o’rganish mumkin. Yerdan boshqa planetalarda hayot borligini taxmin qilishda organizmlarning sun’iy yaratilgan ekstremal sharoitda yashash qobiliyatini aniqlash lozim. Ko’pchilik mikroorganizmlar absolyut 0 ga yaqin va yuqori (80-95°) haroratda yashab qolishining aniqlanishi kata ahamiyatga ega. Mikroorganizmlar sporasi chuqur vakuum va uzoq davom etgan quritishga, kosmik bo’shliqdagiga nisbatan ham kuchliroq ionlovchi nurlarga chidamli bo’ladi. Yerdan tashqarida yashashi gumon qilingan organizmlar Yerdagiga nisbatan yashash muhiti sharoiti ta’siriga, suvsizlikka iisbatan chidamliroq bo’lishi lozim. Anaerob sharoit hayotning rivojlanishi uchun to’siq bo’lolmaydi. Shuning uchun nazariy jihatdan kosmik bo’shliqda xilma-xil xususiyatlarga ega bo’lgan organizmlarning mavjud bo’lishini taxmin qilish mumkin. Olib borilgan tadqiqotlar Mars, Venera va boshqalar sayyoralarda hayot borligini isbot qilolmadi. Quyosh sistemasida faqat yerda hayot bo’lishi, boshqa planetalarda bo’lmasligi taxmin qilinadi. Bir xil taxminlar asosida yerda hayot faqat suvuglerodli muhitda, boshqa taxminlarga qaraganda kremniyammiakli muhitda ham bo’lishi mumkin.