ESHONGUZAR

ESHONGUZAR (1977-1990 yillarda Kalinin posyolkasi) — Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi shaharcha, tuman markazi. Toshkent shahriga Janubdan (kichik halqa yo’l orqali) chegaradosh. Yaqin temir yo’l stantsiyasi — O’rtaovul (16 kilometr). Aholisi 8,9 ming kishi (2004). Eshonguzar nomining kelib chiqishini mahalliy rivoyatlar 17-asrda yashagan Madali eshon bilan bog’laydilar. Shaharchada «Regionalgeologiya» aktsiyadorlik jamiyati, tuman gaz ta’minoti, elektr tarmog’i idoralari, aloqa uyi, «Turon» mini banki binosi, kichik ishlab chiqarish tsexlari, «Otalar choyxonasi», «hunarmandlar bozori», supermarket, universal va xususiy do’konlar, mehmonxona faoliyat ko’rsatadi. 2 umumiy ta’lim maktabi, Toshkent bank hisobkredit kasb-hunar kolleji, qishloq xo’jalik kasb-hunar kolleji mavjud. Markaziy, bolalar kutubxonalari, «baxt uyi», musiqa maktabi, stadion va boshqalar sport inshootlari, «Algoritm» tibbiy-sanitariya qismi, tug’ruqxona, bolalar poliklinikasi, teritanosil kasalliklari dispanseri, dorixona va boshqalar tibbiy muassasalar bor. «Semurg'» sanatoriysi mavjud. «Istiklol» gazeta chiqariladi. Eshonguzar transport yo’llari orqali Toshkent shahri hamda Zangiota tumanining boshqa aholi punktlari bilan bog’langan.