EFIOPIYA

EFIOPIYA, Efiopiya Federativ demokratik Respublikasi, Habashiston — Shim.Sharqiy Afrikadagi davlat. Maydoni 1222 ming kilometr kvadrat. Aholisi 67,6 million kishi (2002). Poytaxti — Addis-Abeba shahri Ma’muriy jihatdan 9 shtatga bo’linadi. Davlat tuzumi. Efiopiya — respublika. Amaldagi Konstitutsiyasi 1995 yil 22 avgustda qabul qilingan. Davlat boshlig’i — prezident (2001 yildan Girma Voldegiorgis), u parlament tomonidan 6 yil muddatga saylanadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni Xalq vakillari kengashi (parlamentning quyi palatasi), ijrochi hokimiyatni Bosh vazir va hukumat amalga oshiradi. Parlament — Federal Majlis 2 palata: Federatsiya kengashi (yuqori palata) va Xalq vakillari kengashi (quyi palata) dan iborat. Tabiati. Efiopiya hududining aksari qismi subekvatorial mintaqada bo’lib, katta qismini Efiopiya tog’ligi (balandligi 2000-3000 metr) egallaydi (eng baland joyi 4623 metr, Rasdashen tog’i). Mamlakat Janubi sharqidagi chuqur graben Efiopiyasomali platosi (balandligi 1500 metrgacha) ni tog’likdan ajratib turadi. Shimoli Sharqda Afar botig’i (botiqdagi Assal ko’lining sathi dengiz sathidan 116 metr past) bor. Efiopiyada oltin, platina, mis, nikel, marganes rudalari, tabiiy gaz, kaliy Guzi va boshqalar bor. Iqlimi shimol va sharqida tropik cho’l va chala cho’l iqlim, qolgan qismida subekvatorial iqlim. O’rtacha oylik temperatura 13° — 19° (Addis-Abeba). O’rtacha yillik yog’in 150-160 dan 1500-1800 millimetrgacha (ayrim joylarda 50 millimetrdan kam). Asosiy daryolari: ko’k Nil, VebiShebeli. Bir qancha ko’l bor; eng yirigi — tana ko’li. Tuproklari Efiopiya tog’ligi yon bag’irlarida qizil qo’ng’ir va tog’to’q qizil tuproq, mo’tadil mintaqada tog’qoramtir tuproq, sovuq mintaqada ishqorsizlangan tuproq, qurg’oqchil Sharqiy va Janub chekkalarida qo’ng’ir va qizil qo’ng’ir, ko’pincha Toshloq tuproqlar mavjud. Efiopiyaning shimol, Sharqiy va Janub qismi butazorli cho’l va chala cho’l, cho’lga aylangan savannalardan iborat. Daryo vodiylarida doim yashil o’rmonlar bor. Efiopiya tog’ligining g’arbiy va Janubiy g’arbiy yon bag’irlari tropik o’rmon. Hayvonot dunyosi xilmaxil: yirik sut emizuvchilar (kiyik, jirafa, buyvol, begemot, fil, zebra, tog’ echkisi) ko’p. Yirtqich hayvonlardan Arslon, qoplon uchraydi; har xil maymunlar, qushlar yashaydi. Milliy bog’lari: Avash, Gambela, Simen va boshqalar Aholisi. Efiopiya aholisining 3/ 4 qismini amxara va oromolar tashkil etadi; shuningdek tigrai, galla, Tigre, sidimo va boshqalar xalqlar ham yashaydi. Rasmiy til — amxara tili. Dindorlarning aksariyati musulmonlar va xristianlar. Shahar aholisi 11,5%. Yirik shaharlari: Addis-Abeba, Xarar (Xarer), Nazret (Adama). Tarixi. Efiopiya hududidan topilgan arxeologik topilmalar yoshi taxminan 2 million yilga yaqin. Miloddan avvalgi asrlarda Efiopiya hududida somxom va boshqalar til guruhlariga mansub xalqlar yashagan. Milodiy boshlarida shimol Efiopiya hududida Aksum podsholigi mavjud bo’lgan. 5-6-asrlarda xristianlikning monofislik yo’nalishi mamlakatdagi hukmron dinga aylandi. 7-asrda arablarning shim. va Sharqiy Afrikaga bostirib kirishi va Arab xalifaligining paydo bo’lishi natijasida Aksum podsholigi inqirozga uchradi. 13-asrdan bu hududda Efiopiya podsholigi mavjud bo’lgan. 18-asr oxiri — 19-asr 1-yarmida o’zaro urushlar natijasida bir qancha knyazliklarga bo’linib ketdi. 19-asrning 50-yillari Kuaralik kasa mamlakatni birlashtirishda muhim rol o’ynadi [1855 yil o’zini Teodros (Fyodor) II nomi bilan imperator deb e’lon qilgan]. 1867 yil Buyuk Britaniya Efiopiyaga qarshi urush boshladi. Urushda Efiopiya armiyasi yengildi (1868), lekin ingizlar xalq ommasining qattiq qarshiligiga uchrab, mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo’ldi. 19-asrning 70— 80-yillari Efiopiya Misr va Sudan bilan urush olib bordi. Urushlar natijasida Efiopiyaning kuchsizlanganidan foydalangan Italiya 1882 yil Assab, 1885 yil Massaua portlarini bosib oldi. 1889 yilgi bitim bo’yicha Efiopiya Italiya protektoratiga aylandi. 1890 yil boshida Italiya qizil dengiz bo’ylaridagi o’zi egallagan erlarni Eritreya mustamlakasiga birlashtirdi. 1895 yil italyan qo’shinlari Efiopiyaga yana hujum qildilar. 1896 yil 1 martdagi jangda Efiopiya qo’shinlari italyanlarni tor-mor keltirdi. 1896 yil 26 oktyabrda tuzilgan sulh shartnomasiga ko’ra, Italiya Efiopiyaning to’la mustaqilligini tan oldi. Imperator Menelik II davri (1889-1912) da mamlakatni markazlashtirish nihoyasiga yetdi va bir qator qo’shni viloyatlar Efiopiyaga qo’shib olindi. Uning o’limi (1913)dan so’ng hokimiyat uchun kurash avj oldi. 1930 yil Xayle Selassie I Efiopiya imperatori bo’ldi. U bir qancha islohotlarni amalga oshirdi (1931 yil mamlakatning birinchi Konstitutsiyasini qabul qildi). 1935-36 yildagi Italiya Efiopiya urushi natijasida Italiya Efiopiyani egalladi va uni «Italiya Sharqiy Afrikasi» mustamlakasi tarkibiga kiritdi. 1941 yil yanvarda ingliz-efiop qo’shinlari Sudan hududidan Efiopiyaga kirib, italyan qo’shinlariga qarshi hujum boshladilar va 1941 yil oxirida Efiopiyani italyan qo’shinlaridan ozod qildilar (harbiy harakatlarda qatnashgan ingliz qo’shinlari mamlakatdan 1954 yil chiqib ketdilar). 1942 yil mamlakatda qulchilikni taqiqlash va qullarni ozod qilish to’g’risida farmon e’lon qilindi. 1952 yil BTM Bosh Assambleyasining qaroriga muvofiq Italiyaning sobiq mustamlakasi — Eritreya Federativ asosda Efiopiyaga qo’shildi. 1962 yil Eritreyaning Federativ maqomi imperatorlik hukumatining tazyiqi bilan bekor qilindi va u Efiopiya bilan to’liq birlashdi. 20-asr 60— 70-yillarida turli ijtimoiy qatlamlarning faolligi kuchaydi. Agrar islohotlar haqidagi masalani hal etishning cho’zilishi, 1973 yildagi qurg’oqchilik va yuz minglab kishilarning ochlikdan halok bo’lishi, narxnavoning oshib, yuqori amaldorlar o’rtasida poraxo’rlikning avj olishi 1974 yil boshiga kelib monarxiya tuzumining ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy tangligini kuchaytirdi. 1974 yil Fevralda ish tashlash va namoyishlar boshlandi. U mehnatkashlarning monarxiyaga qarshi inqilobiga aylanib ketdi va 1974 yil 12 sentyabrda Xayle Selassie I ag’darib tashlandi. 1975 yil martda mamlakat respublika deb e’lon qilindi va sotsialistik Efiopiya deb ataddi, 1987 yil sentyabrdan Efiopiya Xalq Demokratik Respublikasi, 1991 yil iyundan Efiopiya, 1995 yil avgustdan Efiopiya Federativ demokratik Respublikasi deb nomlandi. 1993 yil mayda mustaqillik uchun olib borgan 30 yillik kurashdan so’ng Eritreya Efiopiyadan ajralib chiqdi va o’z mustaqilligini e’lon qildi. Efiopiya — 1945 yildan BTM a’zosi. O’zbekiston Respublikasi suverenitetini 1992 yil 2 yanvarda tan olgan va 1996 yil 15 iyulda diplomatiya munosabatlari o’rnatgan. Milliy bayrami — 28 may — Tinchlik va demokratiya o’rnatilgan kun (1991 yil 28 mayda Efiopiya xalqlari inqilobiy demokratik fronti hokimiyat tepasiga kelgan). Asosiy siyosiy partiya va tashkilotlari hamda kasaba birlashmalari Efiopiyada tinchlik va demokratiya uchun muqobil kuchlar Ittifoqi, 1993 yil tashkil etilgan; Efiopiya demokratik birlik partiyasi, 1984 yil asos solingan; Efiopiya xalqlari inqilobiy demokratik fronti, 1989 yil tuzilgan. Efiopiya kasaba uyushmalari, 1977 yil tashkil etilgan. Xo’jaligi. Efiopiya — agrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda sanoat 12%, qishloq xo’jalik 55%, xizmat ko’rsatish tarmog’i 33% ni tashkil etadi. Qishloq xo’jaligi iqtisodiyotda yetakchi rol o’ynaydi. Mehnatga layoqatli aholining 85%ga yaqini qishloq xo’jaligida band. Qishloq xo’jaligining asosiy tarmog’i — dehqonchilik. Asosiy oziq-ovqat ekini — arpa, Teff (tariqning bir turi), makkajo’xori, bug’doy, yer yong’oq, kungaboqar. Shuningdek, shakarqamish, paxta, tamaki yetishtiriladi. Sabzavot ham ekiladi. Tsitrus mevalar, o’rik, shaftoli, anor, banan o’stiriladi. Eksport uchun kofe yetishtiriladi. Chorvachiligida qoramol, qo’y, echki, xachir, tuya bokiladi. Parrandachilik, o’rmon asalarichiligi rivojlangan. O’rmonlarida qimmatbaho yogoch tayyorlanadi. Sanoatida oziq-ovqat, yengil, neftni qayta ishlash, metallsozlik, to’qimachilik, ko’npoyabzal tarmoqlari yetakchi. Yiliga o’rtacha 1,28 milliard. kVtsoat elektr energiyasi hosil qilinadi. Eng yirik GES — Fincha. Hunarmandchilikda to’quvchilik, teri, suyak va yog’ochni qayta ishlash rivojlangan. Platina, oltin, marganes rudasi, kaliy tuzi, kvars qumi qazib olinadi. Efiopiyada temir yo’llar uzunligi — 0,78 ming kilometr, avtomobil yo’llari uzunligi — 19,4 ming kilometr. Tashqi savdo yuklari asosan, Jibuti porti orqali amalga oshiriladi. Efiopiya chetga kofe, teri xom ashyosi, dukkakli donlar, moyli urug’lar chiqaradi. Chetdan neft va neft mahsulotlari, oziq-ovqat, mashina va jihozlar, iste’mol mollari oladi. Tashqi savdoda Germaniya, Saudiya Arabistoni, AQSh, Italiya, Yaponiya, Jibuti bilan hamkorlik qiladi. Pul birligi — bir. Tibbiy xizmati. Aholiga tibbiy xizmat ko’rsatish davlat davolash muassasalari tomonidan amalga oshiriladi. Vrachlar Addis-Abebadagi universitetning tibbiyot fakulteti va Gonderdagi tibbiyot kollejida tayyorlanadi. Maorifi, ilmiy va madaniy-ma’rifiy muassasalari. Ta’lim tizimi 6 yillik boshlang’ich va 6 yillik o’rta maktabdan iborat. 7-12 yoshdagi bolalar uchun boshlang’ich ta’lim majburiy. O’qish amxara tilida olib boriladi. Hunar-texnika ta’limi to’liqsiz o’rta maktab negizida amalga oshiriladi. Boshlang’ich maktab o’qituvchilari 2 yillik o’qituvchilar institutida, o’rta maktab o’qituvchilari universitetlar, Addis-Abebadagi pedagogika institutida tayyorlanadi. Addis-Abebada milliy universitet, Bahr-Darda politexnika instituti, Jimmada qishloq xo’jalik instituti bor. Qishloq xo’jalik institut va kollejlari mamlakatning boshqa shaharlarida ham bor. Ilmiy tadqiqotlar milliy universitet huzuridagi qishloq xo’jalik stantsiyalari, efiop tadkiqotlar instituti, geofizika rasadxonasi, o’rmon tadqiqotlari instituti, xaritagrafiya va geografiya instituti, geologiya tadqiqotlari bo’limida olib boriladi. Shuningdek, Addis-Abebada qishloq xo’jalik instituti, Afrika chorvachiligi tadqiqot markazi, Efiopiya geologiya xizmati, Jimma yaqinida kofe selektsiya ilmiy tekshirish stantsiyasi mavjud. Yirik kutubxonalari: Addis-Abebadagi universitet kutubxonasi, Addis-Abebadagi milliy kutubxona. Addis-Abebada Arxeologiya muzeyi, Desse shahrida muzey bor. Matbuoti, radioeshittirishi va teleko’rsatuvi. Efiopiyada bir qancha gazeta va jurnal nashr etiladi. Asosiylari: «Addis zemen» («yangi vaqt», amxara tilida chiqadigan kundalik gazeta, 1941 yildan), «Yezareitu Itiopiya» («bugungi Efiopiya», amxara tilidagi haftalik gazeta, 1952 yildan), «Yekatit («fevral», amxara va ingliz tillaridagi bezakli jurnal), «Meskerem» («sentyabr», amxara tilida har choraqda chiqadigan nazariy jurnal, 1980 yildan), «Efiopian Gerald» («Efiopiya xabarnomasi», ingliz tilidagi haftalik gazeta, 1943 yildan). Hukumatga qarashli Efiopiya axborot agentligi 1964 yil tashkil etilgan. Efiopiya radiosi, hukumat radioeshittirish xizmati, 1941 yil tuzilgan; Efiopiya televideniesi, hukumat xizmati, 1964 yil asos solingan. Adabiyoti. Efiopiya adabiyoti ko’p tilli. Efiopiyada yozuv va epigrafika miloddan avvalgi 5-asrda sabey tilida yaratilgan. Gyoez tilidagi efiop adabiyoti 4-7-asrlarda yuzaga keldi. 6-asrda yunon tilidan gyoez tiliga xristian va gnostisizm adabiyotiga oid bir qancha asarlar tarjima qilingan. 8-12-asrlarda efiop adabiyoti tushkunlikka uchradi. 13 —15-asrlarda Arab tilidagi ko’plab asarlar tarjima qilindi. 14-asrda «shohlar shuhrati» nomida asar yaratildi. Imperator Naod o’rta asrning yirik shoiridir. Gyoez tilidagi adabiyot 15— 16-asrlarda yuksak darajada rivojlandi. O’sha davrning mashhur yozuvchisi zere Yakob diniydogmatik traktlar va madhiyalar to’plamini yaratdi. 16-19-asrlarda Efiopiya adabiyoti 6 til (gyoez, Arab, amxara va boshqalar)da rivojlandi. Hozirgi zamon amxara tilidagi efiop adabiyotining asoschisi Afeuork Gebre Iesus (1868-1947) hisoblanadi. U 1908 yil birinchi badiiy asar — «qalb bilan tug’ilgan tarix» romanini yaratdi. 1920— 30 yillardagi ko’zga ko’ringan yozuvchilardan biri Xiruy volde Selassie (1889-1939)dir. Efiopiya adabiyotining taraqqiyoti Kabbede Mikael, Mekonnin Endalkachou va boshqalar ma’rifatparvar yozuvchilar faoliyati bilan bog’liq. 1950-60 yillarda yozuvchilar Taddese Liben, Birxanu Zerixun, Abu Guben, shoir va dramaturglar Mengistu Lemm, Tsegaye Gebre Medxinlarning voqelikni Real aks ettiruvchi asarlari bosilib chiqdi. 1974 yil monarxiya tuzumi ag’darilgach, Aseff Gebre, Maryam Tesemm, Ayalnex Mulatu she’rlari mashhur bo’ldi. Birxanu Zerixun, Tsegaye Gebre Medxin, Bealyu Girma kabi adiblar samarali ijod qiddilar. Adabiyotga yosh yozuvchilar guruhi kirib keldi. Me’morligi va tasviriy san’ati. Efiopiya hududidan eng qadimiy (miloddan avvalgi 2-ming yillik) davrlarga oid qoyatosh suratlari, ho’kiz, odamning bo’rttirib ishlangan tasvirlari topilgan. Miloddan avvalgi 1-ming yillik o’rtalarida tog’li platolarda qadimiy Sharq san’ati tipidagi san’at gullab yashnadi; qo’rg’on, ibodatxona, shoxlar haykallari, hayvonlar tasviri yaratildi. 1-ming yillikning 1-yarmi va o’rtalarida Aksum podsholigi ravnoq topgan davrda mahobatli saroylar, ko’p qavatli minora shaklidagi tosh stela va taxtlar, to’g’onlar, suv omborlari, turar joy binolari qurildi. Aksumda xristianlik yoyilgan (4-asr o’rtalari)dan keyin monastir majmualari va bazilikali cherkovlar yaratildi (Debredamo majmuasi, 6-asr). Keyinchalik (13-14-asrlarda) Lalibedda qoyatoshlarni o’yib cherkovlar yaratildi, freska, rang-tasvir asarlari, naqshlar bilan bezatildi. 14-asrda shohning BetAmxara qarorgohidagi ibodatxona va monastirlar hashamatliligi bilan Shuhrat qozondi. 14-asrdan kopt, suriyamesopotamiya, arman san’atlari ta’sirini o’zida mujassam etgan efiop miniatyurasi rivojlandi. 17-asrda mamlakatning yangi poytaxti—Gonder shahri qurildi. Shaharda mahalliy va G’arbiy Yevropa me’morligi uslubida toshdan 2 qavatli qasrsaroylar qurildi. Efiopiyada an’anaviy xalq turar joyi, asosan, aylana shaklida, tomi konussimon holda shoxshabbadan to’qilib, loy bilan suvaladi yoki toshdan loy bilan ishlanib to’g’ri burchakli, usti yassi qilib quriladi. Mamlakat Janubda gumbazsimon kulbalar ko’p. 19-asr 2-yarmi — 20-asr boshlarida shaharlar (Addis-Abeba), yo’l, ko’prik, kasalxona, maktab, GESlar barpo etildi. 1954-56 yillarda Addis-Abeba shahrini qayta rekonstruktsiya qilish rejasi tasdiqlandi. 1955 yil milliy teatr binosining yaratilishi Efiopiya madaniy hayotida katta voqea bo’ldi. 1960— 80 yillarda ham bir qancha inshootlar barpo etildi. Yiriklari: Afrika uyi (1961), Milliy bank (1973-76), kasalxona majmuasi, pochtamp, «VebiShebeli» mehmonxonasi (hammasi Addis-Abeba shahrida) va boshqalar Efiopiyada professional san’at rivojlanmoqda. Rassomlardan Afevork Tekle, Gebe Kristos Desta, Abdul Rahmon Sharif, haykaltarosh Taddese Mamecha va boshqalar mashhur. Efiopiya aholisi qadimdan kulollik, poya va poxoldan turli ro’zg’or anjomlari to’qish, kandakorlik, kashtado’zlik, yog’och o’ymakorligi, charmga gul solish va hokazolar bilan shug’ullanib keladi. Musiqasi. Efiopiya musiqasi Misr madaniyati ta’sirida rivojlandi. Aholining etnik jihatdan xilma-xilligi ham Efiopiya musiqa folklorining turlituman bo’lishiga ta’sir ko’rsatgan. Torlitirnama betena, qirar, kamonli mesinko, turli puflama (vashint, imbilta, malakat) va urma (atamo, negarit va boshqalar) musiqa cholg’ulari mavjud. 5-6-asrlarda diniy (xristian) ko’p ovozli qo’shiq va raqslar keng tarqalgan. Ulardan asosiylarini 6-asrda avliyo Yared tizimga solib, qog’ozga tushirgan. Keyinchalik monastirlar qoshida xonandalik maktablari tashkil topgan. Efiopiyada musiqa madaniyati an’analarini sayyor shoirqo’shiqchilar — azmarilar davom ettirib kelganlar. 20-asrning boshlaridan ilk puflama sozlar orkestrlari paydo bo’lgan, kompozitorlar o’z ijodlarida milliy musiqa an’analarini G’arb musiqa madaniyati yutuqlari bilan uyg’unlashtirishga intildilar (Konyatta Iofataxa Negusse, Aleka Melaku Beggoseu va boshqalar). Ayni vaqtda 1950-60 yillarda an’anaviy efiop musiqasiga qiziqish ortdi. 1952 yildan folklorni o’rganish bo’yicha jidtsiy ish boshlandi. Milliy musiqaga bag’ishlangan dastlabki musiqashunoslik ishlari yuzaga keldi. Musiqa ta’limiga ham e’tibor kuchaydi: Addis-Abebadagi untda san’at fakulteti, 1963 yil universitet huzurida badiiy ijod markazi tashkil etildi. Shu yili Addis-Abebada Milliy musiqa maktabi ochildi. Teatri. Efiopiya xalqlarining teatr san’ati sarchashmalari an’anaviy rasm-rusumlardan boshlangan (to’y, dafn marosimlari va boshqalar). 20-asr boshlarida umumiy ta’lim maktablari bilan birga maktab teatrlari ham paydo bo’ldi. 20-asrning 30-yillari «Vatan himoyachilari Ittifoqi» teatri faoliyat ko’rsatdi. 1950 yil Addis-Abebada havaskorlik festivali o’tkazildi. 1955 yil poytaxtda birinchi professional teatr ochildi (70-yillar o’rtalaridan Milliy teatr). Uning repertuaridan milliy dramaturglar pesalari, V.Shekspir, N.V.Gogol asarlari tarjimalari keng o’rin oldi. Efiopiyada targ’ibot teatri, teatrlashtirilgan ommaviy xalq bayramlari va folklor san’ati ommalashgan. Kinosi. 1970-yillarning o’rtalarigacha asosan, qisqa metrajli hujjatli filmlar ishlab chiqarilgan. Xususan, rejissyor S.Bekelening «qizil mavjudot» (1968), «ijtimoiy majmua» (1970), «Afrika kinosining hozirgi holati» hujjatli filmlarida muhim ijtimoiy muammolar ko’tarildi. 1974 yil birinchi qisqa metrajli badiiy film — «Guma» (rejissyor M.Papatakis) yaratildi. «Kurash davom etmoqda» (1975, rejissyor M.Papatakis) nomidagi birinchi to’liq metrajli hujjatli film jiddiy muammo — agrar islohotlarga bag’ishlandi. Rejissyor M.Papatakisning «O’tmish g’am tashvishlari, kelajakka yo’l» hujjatli filmi (1977)da jabrlangan xalqning ko’p asrlik tarixi aks ettirildi. «Uch ming yillik hosili» badiiy filmi (1976, rejissyor Xayle Girma), «kurash — g’alaba, g’alaba—kurash» (1978, rejissyor M.Papatakis), «G’alabaga yo’l» (1981, rejissyorlar Taseze Jarra, Getachou Tarekegen) hujjatli filmlari yaratildi. 1979 yil Milliy kinematografiya markazi tuzildi. Mamlakatda 40 ga yaqin kinoteatr bor. Yiliga o’rtacha 3-4 hujjatli film ishlab chiqariladi.