EFTALIYLAR

EFTALIYLAR, eftalitlar, eftallar, xaytallar, abdallar, yeda — Urta Osiyoning shimoli sharqidan Movarounnahrning ichki viloyatlariga kirib, milodiy 5-asrda davlat barpo etgan qabila Ittifoqi. Eftaliylar O’rta Osiyo, Hindiston, Afg’oniston, Eron va Sharqiy Turkiston tarixida muhim rol o’ynagan. Eftaliylarning ilk ajdodlari hunlarlsh bo’lishi taxmin etiladi. Miloddan avvalgi 7-asrda Xitoyning shimoli g’arbi (Xesi)da yashovchi mallasoch, ko’zi ko’k hunlarning bir qismi yashab turgan yerlarini tashlab, Pomirning tog’li viloyatlariga kelib yashaydilar. Keyinchalik ular mahalliy aholiga aralashib, tillarini ham o’zgartiradi. Hunlarning boshqa bir guruhi Hunlar davlati emirilgach, Jung’oriyaga, ila havzalariga kelib o’rnashgan va bu yerda Yueban etnik uyushmasini tashkil qilgan. Yuebandan eftal etnik nomi bilan atalgan yirik bir guruh ajralib, 3-asrda Movarounnahrga kelib o’rnashdi. Eftaliylarning yana bir guruhi g’arbga Kaspiy dengizining shim. hududlariga borib, keyinchalik bu erlardagi boshqa turkiy xalklarga aralashib ketadi. Eftaliylar 4-asrning 2-yarmida ko’payib, Movarounnahrda yashovchi xioniy, kidariy va boshqalar xalqlarni tobe etib, davlat barpo etadi. 5-asrda ular Qang’ davlatini mag’lubiyatga uchratadi. Xurosonning talay qismini egallaydi. Xuroson yeri uchun Eftaliylar Eron bilan qattiq urush olib borgan. 6-asrning oxirlarida Eftaliylar davlati inqirozga uchraydi. Turk xokonligi Movarounnahrni egallaydi. Eftaliylarning jangovar qismi Afg’oniston va Hindistonning shim. mintaqalariga chekinib, ularning keyingi avlodlari shu yerlardagi xalqlarga aralashib, ular bilan qorishib ketadi. Eftaliylarning Markaziy Osiyoda qolgan qismi keyinchalik o’zbek, turkman xalqlari tarkibiga singib ketadi. Turkmanlar tarkibida va anatoliyalik turklarning tarkibida Abdal nomi bilan Eftaliylarning keyingi avlodlari saqlanib qolgan. Eftaliylar otashparast bo’lganligi ma’lum, lekin ularning orasida asta-sekin buddizm va xristianlikka e’tiqod qila boshlaganlar soni ham orta boshlagan. Ad:. Shoniyozov K., O’zbek xalqining shakllanish jarayoni, T., 2001. Ochil Bo’riyev.