EKINLARNI EKISH
EKINLARNI EKISH — hosil olish uchun o’simlik urug’ini tuproqning yuqori qatlamiga joylash; asosiy afotexnika tadbirlaridan biri. Ekinlarni ekish usullari ekinlarning oziqlanish maydoniga, yorug’lik va namga bo’lgan talabini, ekin parvarishini, birinchi navbatda, qator oralarini mexanizatsiya yordamida ishlashni hisobga olgan holda tanlanadi. Sochib ekish — eng oddiy usul; bunda qo’l bilan sepilgan urug’ tuproq ustiga tushib, borona yoki mola yordamida turli chuqurlikka joylanadi. Qatorlab ekish (qator oratari 10-25 santimetr, ko’pincha 15 santimetr) — asosan, donli ekinlar yetishtirishda qo’llaniladi. Qatorlab ekuvchi seyalka urug’ni egat tubiga tashlab, yumshoq tuproq bilan ko’mib ketadi, urug’ bir tekis unib chiqadi. Tor qatorlab ekish (qator oralari 7-8 santimetr) — donli ekinlar, beda, zig’ir va boshqalar o’simliklarni ekishda qatorlab ekishga nisbatan ko’proq qo’llaniladi. Bunda urug’lar maydonda bir me’yorda joylashadi. Keng qatorlab ekish (qator oralari 45 santimetrdan ortiq) — chopiq qilinadigan ekinlar (makkajo’xori, qand lavlagi, kungaboqar, marjumak, ildizmevalilar va boshqalar)ni ekishda qo’llaniladi. Lenta (tasma) shaklida ekishda lentalar orasidagi keng qatorlar tor qatorlar bilan almashinadi (sabzi, rediska va boshqalar shunday ekiladi). Uyalab ekishda har bir uyaga bir necha dona urug’ tashlanadi. Nuqtalab ekish usulida urug’donalab bir-biridan ma’lum oraliqda ekiladi. Qattiq sovuq va qor kam bo’ladigan mintaqalarda kuzgi ekinlar uchun egatga ekish usuli qo’llaniladi; urug’egat tubiga ekiladi, egatga to’plangan qor unib chiqqan nihollarni muzlashdan saqlaydi. Ekinlarni ekish asosan. seyalkalar, ba’zan samolyotlar bilan (masalan, saksovul urug’lari) amalga oshiriladi. O’simlik tupini, ko’chatini (pomidor, baklajon, karam, mevali va manzarali daraxtlar) yetishtirib, so’ngra asosiy joyga ekish ko’chatlab ekish usuliga kiradi. Ekinlarni ekish muddatiga qarab bahorgi (bahori ekinlar), kuzgi (kuzgi ekinlar), yozgi (ikkinchi hosil olish uchun), kech kuzgi (urug’larni barvaqt undirib olish uchun) ga bo’linadi. Har bir o’simlik uchun ekishning optimal vaqti mavjud. O’rta Osiyoda bahori bug’doy, arpa, zig’ir, qand lavlagi, beda, kungaboqar erta bahorgi ekinlarga kiradi. Kechki bahorgi ekinlarni ekish muddati tuproq va havo haroratiga qarab belgilanadi. Kuzgi ekinlar (kuzgi bug’doy, beda va boshqalar) O’zbekiston sharoitida oktyabr oxiri — noyabr boshlarida ekiladi. Sovuq tushgunga qadar ekilgan ekinlar ma’lum darajada rivojlanib, mustahkamlanib oladi. Urug’larni ekish chuqurligi o’simliklarning biologik xususiyati, tuproqning mexanik tarkibiga bog’liq. Urug’lar qancha yirik bo’lsa, shuncha chuqurroq ekiladi (masalan, makkajo’xori 6— 8 santimetr, boshoqli don ekinlari 4-6 santimetr va hokazolar). Mexanik tarkibi og’ir tuproqlarga yengil, qumoq va qumoq tuproqlarga nisbatan urug’lar yuzaroq ekiladi. Ekishda tuproq namligi ham hisobga olinadi (urug’ tuproqning quruq qatlamida joylashib qolmasligi kerak). Ba’zan urug’larni qushlardan, kuchli shamoldan saqlash maqsadida (masalan, makkajo’xori, no’xatni) ekish chuqurligi ko’paytiriladi. Urug’lik ekish me’yori (masalan, bug’doy 150-200 kg/ga, tuksizlantirilgan chigit 30-40 kg/ga) joyning tuproq — iqlim sharoiti, ekinning xo’jalik ahamiyati, o’simlikning oziqlanish maydoniga bo’lgan talabi, ekish vaqti, usullari va boshqalar asosida belgilanadi. Urug’ni ekishga tayyorlashda ularning sifati, tozaligi, unuvchanligi tekshiriladi. Har bir xo’jalikda ekish agregatlari, ishning vaqti va qay tartibda bajarilishini ko’rsatuvchi reja tuziladi. Ekish sifatini baholashda uning vaqtida amalga oshirilishi, urug’ning bir xil chuqurlikda ekilishi, urug’lik ekish me’yori, qatorlar va to’g’riligi tekshiriladi. Bahodir Normatov.