EKLIMETR

EKLIMETR (Yunoncha og’diraman va metr) — geodeziyada — joyda (yerda) chiziqlarning qiyalik burchagini o’lchash uchun ishlatiladigan geodezik asbob. Doira shaklidagi metall quticha va uning yon tomoniga mahkamlangan prizmatik naycha 2 dan iborat. Metall quticha ichida gardishiga gradusda darajalarga bo’lingan halqa (disk) 3 joylashgan. Gradus darajalar noldan boshlab har ikkala tomonga raqamlar bilan belgilangan. O’z o’qida erkin turgan halqa unga mahkamlangan yuk (og’irlik) ta’sirida doim bir holatni, ya’ni gardishdagi nol darajadan o’tuvchi diametr chizig’i gorizontal holatni egallaydi. O’lchashni bajarib bo’lib, halqa maxsus prujinalar yordamida qo’zg’almas holda saqlanadi. Chiziqning qiyalik burchagini o’lchash uchun uning bir uchida Eklimetr bilan turib, ikkinchi uchiga belgi tayoq tik o’rnatiladi va Eklimetrning prizmatik naychasi tayoqsa ko’z balandligi bo’yicha belgilab qo’yilgan nuqtaga qaratiladi. Quticha sirtidagi tugmacha bosilib, halqa erkin holatga keltiriladi va oynachadan halqa gardishidagi shkala bo’yicha sanoq olinib, qiyalik burchagining qiymati aniqlanadi. Eklimetr bilan qiyalik burchagi 0,1° aniqlikda o’lchanadi.