EKSKORIOZ

EKSKORIOZ — tokning zamburug’ kasalligi. Tok zangida, barg va novdalarida qora uzunchoq dog’ va yo’lyo’l chiziqlar ko’rinishida paydo bo’ladi. Ekskorioz kasalligi tez tarqaladi, chiziqlar o’rnida yoriqlar hosil bo’ladi. Po’stloq ingichka uzun bo’laklarga bo’linib ko’cha boshlaydi, novda o’sib chiqqan joy yo’g’onlashadi. Novdaning asosi yo’gonlashib (shishib), oziq moddalar o’tmay qoladi. Novdalarda cho’zinchoq qoramtir dog’lar paydo bo’lishi mumkin. Kech kuzda novdalar uchi oqaradi, ularda ham dog’paydo bo’ladi. Ekskorioz yomg’ir ko’p yoqqan yilda juda tez rivojlanadi. Kasallik qo’zg’atuvchisi novda o’sib chiqqan joylarda miseliy ko’rinishida qishlaydi. Kurash choralari: toklarga yorug’lik va havoning yaxshi o’tishi uchun qulay sharoit yaratiladi, kurtak chiqqunga qadar hamda novda o’sish davrida fungisidlar, organik preparatlar bilan ishlov beriladi. Kurtaklar bo’rtishiga qadar 2% li nitrafen purkash yaxshi natija beradi.