EKSPORT
EKSPORT (inglizcha, lotincha — olib chiqaman, chetga chiqaraman) — tovarlar, xizmatlar, investitsiya, qimmatli qog’ozlar, texnologiyalar va boshqalarni tashqi bozorga chiqarish. Tovarlarni bir mamlakat orqali olib o’tish (tranzit) va bir mamlakatdan olib kelingan tovarlarni boshqa mamlakatlarga sotish uchun chiqarqsh (reeksport) ham Eksportga kiradi. Mamlakatning o’zida ishlab chiqarilgan moddiy boyliklar Eksport tarkibi (ko’rinma Eksport) milliy iqtisodiyotning o’ziga xos xususiyatlari, uning xalqaro mehnat taqsimotidagi o’rni bilan bog’liq. Sanoati rivojlangan mamlakatlarga sanoat mahsulotlari, ayniqsa, mashinasozlik mahsulotlari va texnologiyalar Eksport qilish xos bo’lsa, qoloq agrar iqtisodiyotga ega bo’lgan mamlakatlar Eksportida xom ashyo va oziq-ovqat asosiy rol o’ynaydi. Yakka ziroatchilik xo’jaliklari hukmron bo’lgan mamlakatlar Eksportida 1-2 tovar turi asosiy o’rinni egallaydi. Yuklarni tashish, vositachilik operasiyalari, turizm, ilmiytexnika aloqalaridan va boshqalar xizmatlarni sotishdan olinadigan daromadlar ko’rinmas Eksportni tashkil etadi va iqtisodiyoti rivojlangan ko’pgina mamlakatlarda uning ahamiyati ortib bormoqda. Har qanday davlat uchun Eksport import va chet ellarda boshqa xarajatlarni to’lash uchun zarur bo’lgan chet el valyutasining asosiy manbai. Davlatning tashqi iqtisodiy siyosatida Eksportni kengaytirish muhim masala hisoblanadi va davlat eksport uchun mo’ljallangan ishlab chiqarishni qo’llabquvvatlashning turli shakllarini keng qo’llaydi (soliq imtiyozlari va boshqalar moliyaviy ko’maklar; Eksportni davlat tomonidan kreditlash). Eksportni cheklash aksariyat hollarda muayyan mamlakatlar bilan olib boriladigan savdoga embargo joriy etish yo’li bilan siyosiy maqsadlarda amalga oshiriladi. Ayrim tovarlar Eksporti ba’zan iqtisodiy yoki ekologik sabablarga ko’ra cheklanadi (mazkur tovarning mamlakat iqtisodiyoti uchun muhimligi, yo’qolib borayotgan hayvonlar yoki o’simliklar turlarini, milliy madaniybadiiy boyliklarni asrash va boshqalar). O’zbekiston Respublikasining bojxona kodeksiga muvofiq, tovarlar Eksporti bojxona rejimida, bojxona to’lovlari to’langanidan keyin, iqtisodiy siyosat tadbirlariga rioya etilgan va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa talablar bajarilgan hollarda O’zbekiston Respublikasining bojxona hududidan chetga chiqariladi. 2003 yilda O’zbekiston Respublikasi Eksporti 3725,0 million AQSh dollaridan iborat bo’ldi (import 2964,2 million AQSh dollari). Uning tovarlar tarkibida paxta tolasi (19,8%), oziq-ovqat tovarlari (2,7%), kimyo mahsulotlari, plastmassa va ulardan yasalgan buyumlar (3,1%), energiya manbalari (9,8%), qora va rangli metallar (6,4%), mashina va uskunalar (5,9%), xizmatlar (14,4%) va boshqalar asosiy o’rinda turadi. Ko’pgina mamlakatlarda Eksport tovarlari qo’shilgan qiymat solig’idan va shunga o’xshash soliqlardan ozod qilinadi. Qodirjon Yusupov.