EKSPRESSIVLIK

EKSPRESSIVLIK (lotincha ifodalanish, namoyon bo’lish) — har xil individlarda ma’lum gen allelining fenotipik namoyon bo’lish darajasi. «Ekspressivlik” terminini fanga rus olimi N. V. Timofeevresovskiy kiritgan (1927). Allel gen tomonidan boshqariluvchi belgida o’zgaruvchanlik bo’lmaganida doimiy Ekspressivlik, aks holda o’zgaruvchan Ekspressivlik namoyon bo’ladi. Har xil genlarning allellari turli darajadagi Ekspressivlik bilan tavsiflanishi mumkin. Odamlarda AVO (qon guruhlari) allellari tizimi deyarli doimiy Ekspressivlikka, ko’z rangini belgilovchi allellar o’zgaruvchan Ekspressivlikka misol bo’ladi. Drozofila pashshasida ko’z fasetkalarining sonini kamaytiruvchi mutasiya gomozigotali pashshalarda fasetkalar sonini 0 dan 50% gacha o’zgarishini ta’minlaydi. O’zgaruvchan Ekspressivlik hodisasi genotipik muhit va tashqi muhit sharoitlarining ta’sirida ro’y beradi. Shuning uchun organizm genotipi genotip bilan yashash muhiti sharoiti ta’sirida fenotipik namoyon bo’ladigan genlarning o’zaro ta’siri natijasida shakllanadi.

EKSPRESSIVLIK (tilshunoslikda) — til birligining semantikstilistik belgilari majmui; til birligining aloqa-so’zlashuv jarayonida so’zlovchining nutq mazmuniga yoki nutq qaratilgan shaxsga nisbatan sub’ektiv (ijobiy yoki salbiy) munosabatining ifoda vositasi bo’la olishini ta’minlaydi. Ekspressivlik tilning barcha sathlari birliklari uchun xosdir. Fonetik ekspressiv vositalar sifatida so’z tarkibidagi undoshlardan birining qo’shaloq holda yoki biror unlining cho’ziq talaffuz etilishi, urg’uning o’rnini o’zgartirish kabilarni ko’rsatish mumkin. Morfologik vositalar sifatida keng miqyosdagi erkalash-kichraytish qo’shimchalari (suby’ektiv baho ifodalovchi qo’shimchalar) ni ko’rsatish mumkin (oyioyijon, ukaukaginam va boshqalar). Leksik ekspressiv vositalarga o’z haqiqiy ma’nosidan tashqari uslubiy (salbiy yoki ijobiy) bo’yoqqa ega bo’lgan so’zlar, undov so’zlar va kuchaytiruv yuklamalari kiradi (masalan, «qiltiriq» so’zi ozg’inlikni salbiy jihatdan ifodalaydi, baholaydi). Sintaktik sathda esa Ekspressivlik odatdagi so’z tartibini o’zgartirish, elliptik tuzilmalardan foydalanish, so’z takrorlari orqali ta’minlanadi. Aloqa-so’zlashuv jarayonida lisoniy ekspressiv vositalar bilan parallel ravishda, nutq ekspressivligini kuchaytirishga ko’mak beruvchi ko’plab paralingvistik (nolisoniy) vositalar (tovushning balandligi va tembri, nutq sur’ati, mimika, imoishora) ham qo’llanadi. Ekspressivlik bevosita inson his-tuyg’ularini ifodalash bilan bog’liq bo’lganligi uchun uni emosionallik (hissiyot, emotsiyani ifodalovchi so’zlar va ulardan foydalanish)dan ajratib tasavvur etish qiyin. Hatto ba’zi tilshunoslarning asarlarida Ekspressivlik va emosionallik kategoriyalari bir xil hodisa deb talqin qilinadi. Ne’mat Mahkamov.