ELEVATOR

ELEVATOR (lotincha — ko’taruvchi) — 1) yuklarni tik (vertikal) yoki qiya yo’nalishda ko’tarish (yoki surish) uchun mo’ljallangan uzluksiz harakatlanuvchi qurilma; konveyer. Cho’michli, kurakli va kajavali turlari bo’ladi. Cho’michli Elevator tik yoki qiya (60° dan katta burchakli) yo’nalishlarda sochma yuklar (dondun va boshqalar) ni, kurakli va kajavali Elevatorlar tik yo’nalishda donabay yuklar (detallar, yukli qoplar, yashiklar va boshqalar) ni ko’tarish uchun mo’ljallanadi. Cho’michli Elevator metallurgiya, mashinasozlik, kurakli va kajavali Elevatorlar bazalar, magazinlar, omborxonalar va boshqalar joylarda ishlatiladi; 2) binolarni isitish tizimlarida Markaziy issiqlik tarmog’idan keladigan issiq suvni mahalliy isitish tizimidan qaytadigan sovigan suv bilan aralashtirib turadigan apparat; 3) ko’p miqdordagi donlarni tortish, tozalash, quritish, saqlash va me’yoriy (kondision) holatga yetkazish, ortishtushirish mexanizmlari bilan jihozlangan inshoot; mexanizasiyalashgan don ombori. Vazifasiga ko’ra, don qabul qiluvchi yoki tayyorlovchi Elevator; ishlab chiqarish (korxona) Elevatorlari, ortishtushirish va port Elevatorlariga bo’linadi. Zamonaviy yirik Elevatorlar dasturli avtomatik boshqarish qurilmalari (kompyuterlar) va televideniye vositalari bilan ta’minlangan.