ELEGIYA
ELEGIYA — 1) lirik poeziya janrlaridan; g’amgin ruhdagi lirik she’r. Elegiyaning asoschisi yunon shoiri Kallin (miloddan avvalgi 7-asrning 1-yarmi) hisoblanadi. Yunonistonda Tirtey, Mimnerm, Solon, Feognid, Fokilid va boshqalar Elegiya yozganlar. Romantizm uslubida yozilgan Elegiyalarda hayotdan qoniqmaslik, hasrat motivlari ustivorlik qilgan. Frantsuz Elegiyalarida emotsionallik, psixologizm, nazokat ortdi. Rus Elegiyasi 18-asrda paydo bo’ddi va V. A.Jukovskiy, K.N. Batyushkov ijodida rivojlandi. A.S. Pushkin bu janr uslubi, mavzusini yangiladi. 20—30-yillar o’zbek lirikasida Elegiyaning dastlabki namunalari paydo bo’ldi. Hamzaning Tursunoyga, Cho’lponning o’zbek qizlari taqdiriga bag’ishlangan she’rlarida Elegiyaga xos qayg’u motivlari, g’amgin kayfiyat o’z ifodasini topdi. Keyinchalik Oybek, H.Olimjon va boshqalar shoirlar o’zbek Elegiyasining eng yaxshi namunalarini yaratdilar; 2) musiqada — o’ychan, hazin, ba’zan motamsaro xarakterdagi vokal yoki cholg’u asar. Mustaqil janr sifatida 17-asrdan ma’lum (G.Pyorsell va boshqalar). Yuksak namunalarini J. Massne (ovoz, violonchel va fortepiano), M. Glinka, N. Myaskovskiy (romanslar), P. Chaykovskiy (torli orkestr uchun), S. Raxmaninov («Elegik trio» va boshqalar), N. Metner (sonatae.si, fortepiano uchun), 20-asrda I.Stravinskiy, B.Bartok va boshqalar yaratgan. O’zbekistonda M. Burhonov (violonchel va fortepiano uchun), A. Kozlovskiy (5 ta, violonchel uchun) Elegiyalari tanilgan.