BESHYOG’OCH
BESHYOG’OCH, Beshog’och — o’tmishda Toshkentdagi to’rt dahadan biri. «Tarixi jadidai Toshkand» asarida (19-asr) Zangiota dahasi nomi bilan qayd etilgan. Daha nomi ba’zi olimlar (H.Hasanov) fikricha, qadimgi turkiy uzunlik, masofa o’lchovi — og’ochdan olingan (1 og’och — 7-8 kilometr). Muhammad Solihning «Tarixi jadidai Toshkand» asarida daha nomi Beshyog’och qavmi, toifasi nomidan olingani aytilgan. S. Qorayevning ma’lumotiga ko’ra, o’zbek qo’ng’irotlari tarkibida Beshog’och urug’i bor. Toshkentning Janubiy-g’arbiy qismida joylashgan. Ko’kcha, Sebzor, Shayxontohur dahalari bilan tutash bo’lgan. Beshyog’ochning chegarasi shimoli-g’arbdan quyi Bo’zsuv bo’ylab (hozirgi Uyg’ur va Samarqand darvoza ko’chalari oralig’idan), Sharq tarafdan Beshyog’och — Xadra yo’nalishi bo’ylab (hozirgi Furqat ko’chasidan) o’tgan. Dahaning Janub tomonida bog’-rog’lar joylashgan. Beshyog’och hududidan Chuqurko’prik va Zaxariq jarliksoylari o’tgan. Beshyog’ochdagi me’moriy yodgorliklardan Abulqosim Shayx madrasasi mashhur. Dahada shaharning 3 darvozasi (Samarqand, Kamolon, Beshyog’och). 75 masjid, 3 madrasa (Abulqosimxon, Xoja Ahror, Ko’kaldosh), ko’plab xumdonlar bo’lgan. N.Mayevning ma’lumotiga ko’ra, 1876 yil Beshyog’ochda 1400 xonadon (12450 kishi) yashagan. Beshyog’och o’zining bog’lari, misgarlik buyumlari bilan shuhrat qozongan. Beshyog’ochning Samarqand darvozasidan bir farsax (6-7 kilometr) narida Zangiota (Cho’ponota mozori) joylashgan. 19-asr o’rtalarida bu yerda Beshyog’ochliklar har yili qovun sayli o’tkazishgan. 20-asr boshlarida Beshyog’ochda 75 ta mahalla bo’lgan. Bo’zsuv dahani 2 qismga ajratgan, so’l qirg’ogining ayrim qismigina Ko’kcha dahasiga tegishli bo’lib, unda ko’nchilik zavodlari va bog’lar joylashgan. Beshyog’och dahasi anhordan suv oladigan bir qancha ariqlardan suv ichgan: Jartegirmon — dahaning Chorsu, Qo’ybozor, Mirlar, Suzukota mahallalaridan oqib o’tib, Suzukotada yangi nom bilan kichik Bo’zsuv atalib, shimolga Samarqand darvoza tomon oqib, devor tagida chuqur jarlik hosil qilgan, keyinchalik Toshkentning eng xushmanzara joylaridan oqib o’tib Bo’zsuvga quyilgan; katta tanishar — Chuqurko’prik, Darxon va Chaqar mahal-lalarini sug’orib Bo’zsuvga quyilgan. Bu 2 ariq orasida anhordan chiqarilgan kichik tanishar ariq O’qchi, Eskio’rda, Qoratosh, Ko’kmasjid, sarfaroz, Jirlik masjiddan oqib o’tib Suzukota mahallasida izi yo’qolgan; Arpapoya— Arpapoya va ters mahallalaridan o’tib katta tanisharga quyilgan; Quburariq shahar darvozasidan tashqarida anhordan boshlanib Kamolon darvozasi yonidan shahar ichiga kirgan va Yangi, Kamolon, Chaqar va Eshonguzar mahallalarini sug’organ, so’ngra Katta Tanisharga quyilgan; Alamdor — shu nomdagi avliyo qabri yonidan boshlanib shaharga Kamolon va Samarqand darvozalari o’rtasidan kirgan, Eshonguzar va Samarqand mahallalarini sug’orib, katta Tanisharga quyilgan. Bu ariqlar dahadagi ko’chalardan o’tgan kichik ariqchalarning asosi hisoblangan. Beshyog’och dahasining bog’va ekinzorlari Bo’rjar (anhorning Jan. tarmog’i) va Zaxariklardan suv ichgan, ular Bo’zsuvga quyilgan. Beshyog’och dahasida 3 ta karvonsaroy hamda kichik tanishar arig’i bo’yida joylashgan 13 ta tegirmon bo’lgan. Daha aholisining asosiy mashg’uloti dehqonchilik, bog’dorchilik, g’isht ishlab chiqarish, hunarmandchilik (etikdo’zlik, bo’yoqchilik, temirchilik, chilangarlik) va baqqollikdan iborat bo’lgan. Dahada 8 ta bozor bo’lib, ular baland masjid, Zevak, Tersariq, sarfaroz, yangi, Eshonguzar mahallalarida, shuningdek, 2 tasi Chorsuda joylashgan. Chorsuda 2 bozor, qo’y bozor va tuya bozor bo’lib, Eshonxon madrasasining vaqf yerlarini tashkil etgan. Beshyog’ochdagi madrasalarning har birida 60 tadan 100 tagacha mullavachcha o’qigan. Bundan tashqari dahada 16 ta uy maktabi, shuningdek, har bir masjid qoshida bittadan maktab mavjud bo’lgan. Har bir 15 xonadonga 1 ta maktab to’g’ri kelgan. Chor Rossiyasi qo’shinlari shahar devorini Kamolon darvozasi oldidan yorib kirib (1865 yil), Kamolon tepaligi va Kamolon ko’chasi bo’ylab shaharga hujum qilganlar. Mustaqillik davrida Beshyog’och tubdan rekonstruktsiya qilinib, obodonlashti-rilgan. Ad.: Mayev N., Aziatskiy Tashkent, SPb, 1876; Masalskiy V..I., Turkestanskiy kray, Rossiya, t. 19, Spb, 1913; Malliskiy N G., Toshkent ma\alla va mavzelari, T., 1995. Mashhura Sharipova.