UDOYTEPA

UDOYTEPA, Odeytepa — qadimgi shahar xarobasi (miloddan avvalgi 1-ming yillik — milodiy 12-asr). Amudaryo tumanidagi forob temir yo’l stantsiyasidan 30 kilometr shimolda joylashgan. Umumiy maydoni 23 gektar. Uning eng qadimgi madaniy qatlamlari ilk temir davriga oid bo’lib, so’ngra hayot 9-12-asrlarga qadar beto’xtov davom etgan. Shahar dumaloq shaklda bo’lib 3 qismdan tashkil topgan, har bir qism qalin mudofaa devori bilan o’rab olingan. Tarixiy manbalarda (9-asr) qayd etilgan Umm Ja’far qal’asi U o’rnida bo’lgan deb taxmin qilinadi. Qal’a yaqinida arablar istilosi davrida arablar bilan turkiylar o’rtasida 2 jang sodir bo’lgan (730 yil). Qal’aning Buxoro viloyati chegarasida joylashgani muhim strategik ahamiyat kasb etgan. «Umm Ja’far» atamasi arablar tomonidan qo’yilgan bo’lib, ayol kishi nomidan olingan. Islomdan avval u boshqacha nom bilan Xukanja yoki Xoqonja deb atalgan, 9-a.srda Arabcha Umm Ja’far deb nomlangan. Keyinchalik qal’a va uning atrofidagi mavze eski nomi bilan yuritila boshlagan.