ELEKTROFIZIOLOGIYA

ELEKTROFIZIOLOGIYA — fiziologiyaning bir bo’limi; hujayralar, to’qimalar, organlardagi elektr hodisalar (bioelektrik potentsiallar)ni hamda elektr tokening organizmga ta’siri mexanizmini o’rganadi. «Hayvonlardagi elektrlanish» to’g’risidagi dastlabki ma’lumotlarni 18-asrda italiyalik anatom va fiziolog L. Galvani olgan. 19-asrda nemis fiziologi E. Dyubuareymonning klassik ishlari (nerv impulsining elektr toki tabiati, biopotentsiallarning molekulyar nazariyasi va boshqalar) tufayli Elektrofiziologiyaga asos solindi. Elektrofiziologiyaning bundan keyingi rivojlanishi nemis olimi Yu. Bernshteyn, rus olimlari A.F. Samoylov, N.E.Vvedenskiy, niderlandiyalik fiziolog V. Eyntxoven, amerikalik J. Erlanger va boshqalarning neyrofiziologiya sohasidagi tadqiqotlari bilan bog’liq. Elektrofiziologiyaning asosiy muammolari biologik membranalarda elektr potentsiallarining hosil bo’lishi fizikkimyoviy mexanizmlarini, ularning o’zgarishi va fiziologik jarayonlardagi ahamiyatini o’rganishdan iborat. Tadqiqot ishlarida va klinik amaliyotda yurak — elektrokardiografiya, miya — elektroentsefalografiya, ko’zning to’r pardasi — elektroretinografiya, teri — elektrodermografiya va boshqalar organlar bioelektr potentsiallarini o’rganish usullaridan keng foydalaniladi.