ESPARSET
ESPARSET, bargak — dukkakdoshlar oilasiga mansub bir va ko’p yillik o’simliklar turkumi, yem-xashak ekini. 130 dan ortiq yovvoyi turi ma’lum, 75 taga yaqin turi Rossiyaning Yevropa qismida, O’rta Osiyo, Kavkazda o’rmon, cho’l, tog’ mintaqalarida ko’p o’sadi. Oddiy yoki ekma Esparset, qumloq Esparseti va Zakavkaze Esparseti turlari ekiladi. Deyarli hamma turlari chorva mollari uchun yaxshi ozuqa. Oddiy Esparset ildizi o’qildiz, tuproqqa 3-6 metr chuqurlikkacha kirib boradi. Poyasi o’tsimon, tik o’sadi, bo’yi 50-150 santimetr, egatchali, tukli, ichi, kovak, kam shoxlanadi, 5 — 8 ta bo’g’imli. Barglari murakkab toq patsimon, ikkita pardasimon yon barglari bor. Guli pushtiqizil, ko’p gulli uzun shingilga yig’ilgan, chetdan changlanadi, mevasi bir urug’li dukkak, dumaloq, chatnamaydi. Urug’i loviyasimon, och jigarrang. 1000 ta urug’i vazni 12-15 gramm. Esparset keng tarqalgan ozuqabop o’simlik, 100 kilogramm pichanida turlariga qarab 53,5—54 ozuqa birligi va 11,9—12,6 kilogramm protein mavjud. Esparset gulshiraga boy, 120-170 kilogramm/gektar asal yig’ish mumkin. Ekilgan dalalarda tuproqni azot bilan boyitadi (100-200 kilogramm/gektar azot to’playdi). Sug’oriladigan yerlarda 150 tsentner/gektar pichan olish mumkin.