EPIGENEZ

EPIGENEZ (epi… va …genez) — organizmlarning murtakdan asta-sekin yangi shakl o’zgarishlar natijasida rivojlanishi to’g’risidagi ta’limot. “Epigenez” terminini ingliz vrachi va fiziologi U. Garvey taklif etgan (1651). Epigenez organizmlar tuzilishi xususiyatlarning jinsiy hujayralarda mujassamlashuvi to’g’risidagi preformizm ta’limotiga qarshi vujudga kelgan. Ammo Epigenez va unga qarama-qarshi kontsepsiyalar antik davrdan ma’lum bo’lgan. Rus embriologi va Anatomi K.F.Volf va boshqalar olimlar ishlari tufayli Epigenez ta’limoti g’alaba qozonib, embriologiyaning rivojlanishi uchun zamin yaratildi. 19-asrning 70-80-yillarida tsitologiyaning rivojlanishi bilan Epigenezni inkor qiluvchi juda ko’p irsiyat kontsepsiyalari paydo bo’ldi. 19-asr oxirida rivojlanish mexanikasining paydo bo’lishi bilan Epigenez yana qayta o’z mavqeini egallaydi. Lekin Epigenez ko’p jihatdan vitalistik xususiyatga ega bo’lgan. Epigenez ta’limoti tarafdorlari hujayrada organizm uchun xos bo’lgan belgilar to’liq jo qilinganligi, uning bundan keyingi rivojlanishi oldindan belgilab qo’yilgan belgilarni tashqi, ya’ni moddiy bo’lmagan omillar ta’sirida yuzaga chiqishi to’g’risidagi g’oyani ilgari surishgan. 20-asrda genetikaning yuzaga kelishi bilan oldingi sodda tushunchalar o’rniga organizmlar ontogenezi qonuniyatlarini ko’rsatib beruvchi genetik informasiya to’g’risidagi g’oyalar paydo bo’ldi. Hozirgi zamon biologiyasida organizmlar rivojlanishi davomida genetik informasiyaning amalga oshirilishini organizmda paydo bo’ladigan neyrogumoral va gormonal bog’lanish hamda muayayn tashqi ta’sir bilan bog’lab tushuntiriladi.

EPIGENEZ (geologiyada) — cho’kindi tog’ jinslarining hosil bo’lgandan keyingi turli o’zgarishlarga va minerallarning yangidan hosil bo’lishiga olib keluvchi ikkilamchi jarayon. «Epigenez» termini 1901-06 yillarda nemis geologlari R.Bek va B. Shtelsner tomonidan kiritilgan. Unga qayta kristallanish, konkresiyalarning o’sishi, degidrasiya, gidratatsiya, tsementlanish va boshqalar kiradi. Epigenez radioaktivli, rangli va kamyob metallar uchun xarakterli bo’lgan epigenetik konlarning muhim guruhini shakllanishiga olib keladi.