EPILOG

EPILOG (epi… va — so’z) — badiiy asarda voqea tasviridan so’ng qahramonlarning keyingi taqdirini so’zlab beruvchi xotima qismi; qadimiy yunon dramasida xor (yoki aktyor)ning tomoshabinlarga so’nggi murojaati (bunda sahnada yuz bergan voqea-hodisalarning mohiyati sharhlanar va muallifning niyati bayon qilinardi). Uyg’onish davri dramalarida (V.Shekspir, B.Jonson), odatda, Epilog tomoshabinlarga murojaatmonolog bo’lib, bunda pesaning asosiy g’oyasi sharhlangan. Epilog asardagi asosiy ziddiyat echimining oqibatlarini ifodalashga, asarning g’oyaviy samarasini bayon qilishga xizmat etadi. Abdulla Qodiriyning «O’tgan kunlar» romanidagi xotima Epilogning yorqin namunasidir. Ushbu Epilog orqali o’quvchilar asar bosh qahramoni Otabekning keyingi taqdiri haqida xabar topadilar. Har bir asarda Epilog bo’lishi shart emas. Ba’zan Epilog asarning bosh qismiga ko’chirilishi ham mumkin. Musiqada ham operaning xotima qismi Epilog deb yuritiladi.