EPIDERMIS
EPIDERMIS (epi… va derma) hayvonlarda teri epiteliysining ektodermadan hosil bo’ladigan sirtqi qavati. Umurtqasizlarda bir qavat Epidermis, ya’ni gipoderma chig’anoq yoki kutikulani hosil qiladi. Umurtqalilarda Epidermis bazal membrana ustida joylashgan bir necha qavat epiteliydan iborat. Bazal hujayralar ustida 5-10 qavat pixli hujayralar joylashgan. Epidermisning quyi qavati bazal membrana hujayralari bilan birga o’sadigan qavatni hosil qiladi. Bo’linib ko’payadigan o’suvchi hujayralar hisobiga Epidermisning doimo o’lib turadigan sirtqi: donador (3-4 qavat bo’lib joylashgan hujayralar), yaltiroq (3-4 qavat bo’lib joylashgan hujayralar) va ko’p qavatli muguz qavat hujayralarga almashinib turadi. Bazal membrana yaqinida joylashgan Epidermis qavati hujayralari tsilindrsimon yoki kubsimon bo’ladi. Sirtqi qavatga yaqinlashgan sari hujayralar yassilashadi va qalinlashib uvalanadi. Odamda Epidermis hujayralari 20 sutkada to’liq almashinadi. Teri funktsiyasi, asosan, Epidermis hujayralarining tuzilishi va xossalari bilan bog’liq. O’simliklarda Epidermis (epiderma, po’st) — yosh barglar, novdalar, meva, urug’va gullarda o’sish konusi protodermasidan hosil bo’ladigan birlamchi qoplovchi to’qima. Epidermis hujayralari bir qavat bo’lib joylashgan; sirtdan kutikula, yupqa mum qavati va tirik yoki o’lik tukchalar bilan qoplangan. Epidermis hujayralari tashqi qobig’idagi teshikchalar orqali suv va oziq moddalar o’tadi. Epidermisda kuchli ixtisoslashgan tuzilmalar — og’izchalarni yopuvchi hujayralar, har xil funktsiyani bajaruvchi trixomalar (tukchalar hosil qiluvchi hujayralar), gidadotlar (o’simlikdan tomchi suyuqlik va tuzlarni chiqaruvchi hujayralar) va boshqalar shakllanadi. Epidermis baryer (to’siq) funktsiyasini bajaradi; ichki to’qimalarni shikastlanish va qurib qolishdan saqlaydi; gaz almashinuvi, suv bug’lanishi, shimish va sekret (jumladan, fermentlar va gormonlar) ishlab chiqarish vazifasini bajaradi.