ERK QAL’A

ERK QAL’A — ko’hna Marv shahri xarobasini tashkil etgan qal’alardan biri. Turkmanistondagi Murg’ob daryosining o’rta oqimi bo’yida, Bayramali shahri yaqinida joylashgan. Erk qal’a Marvning eng qadimiy qismi hisoblanadi. Erk qal’aning tarhi ovalsimon (400×500 metr — 20 gektar) bo’lib, Gavr qal’a mudofaa devorlarining shim. qanotiga tutashgan. Erk qal’aning markazida balandligi 25 metrdan ziyod Ark (50×50 metr) joylashgan. Arkning shimolda pastak maydoncha bo’lib, unda harbiy garnizon va toshotar qurollar o’rnashgan. Erk qal’ada dastlabki qazishmalar 1890 yil Rossiya Arxeologiya komissiyasi a’zosi V.A. Jukovskiy tomonidan o’tkazilgan. 1904 yil R.Pampelli boshchiligidagi amerikalik ekspeditsiya, 1937 yil B.B.Piotrovskiy, A.A.Marushchenko va 1947 yil S.A.Vyazigin, 1950-1992 yillarda M.E.Masson rahbarligi ostida Janubiy Turkmaniston arxeologiya kompleks ekspeditsiyasi tomonidan olib borilgan tadqiqotlar Erk qal’aning miloddan avvalgi 1-ming yillikning 2-choragida bunyod etilganini ko’rsatdi. Sosoniylar davrida (3-5-asrlar) Markaziy tepalikda ma’muriy bino qad ko’targan, u keyinchalik arablar tomonidan xalifa Ma’munning Marvdagi qarorgohi sifatida foydalanilgan. Yozma manbalarga ko’ra, Erk qal’a 10-asrdan xarobaga aylangan. Erk qal’adan ko’plab sopol va shisha idishlar, sosoniylar tangalari, jez pichoqlar, toshqolip, jez paykonlar topilgan.