ERKAYEV ALIJON

ERKAYEV ALIJON (1933.10.10, Oltiariq tumani) — O’zbekiston xalq hofizi (2003). Toshkent chet tillar institutini tugatgan (1956). Falsafa fanlari nomzodi (1969). Farg’ona pedagogika instituti (1957-60), Toshkent pedagogika instituti (1969-72)da o’qituvchi, Toshkent madaniyat instituti dosenti (1974 yildan), professor (2004). Xonandalik san’ati sirlarini J.Sultonovdan o’zlashtirgan. Yoshligidan havaskor musiqa to’garaklari qatnashchisi bo’lib, 1961 yildan radio va televideniyeda xonanda sifatida faoliyat ko’rsatadi. Shirali ovoz sohibi. Erkayev Farg’ona—Toshkent musiqa an’analariga tayanib, xalqchil ijro yo’llarini qo’llaydi. Repertuaridan Farg’ona— Toshkent maqom yo’llari («Ushshoq», «Dugoh», «Chapandozi Gulyor», «Bayot» va boshqalar), mumtoz ashulalar («Girya», «Farg’ona tong otguncha», «aylansin» va boshqalar), zamonaviy bastakorlar asarlari («g’azalim», N.Hasanov; «Dilbarim», T.Hasanov; «mubtalo qilib», R. Tursunov va boshqalar) o’rin olgan. Ijrolari O’zbekiston radiosi fonotekasi, 2 gramplastinka («Alijon Erkaev kuylaydi», 1969, 1976)ga yozilgan. Erkayev Ogahiy, Atoiy, Habibiy, J.Jabbor she’rlariga ashulalar bastalagan («Farg’ona», «mening tilagim», «bulbul» va boshqalar).