EROZIYA

EROZIYA (lotincha ego8yu — yemirilish) — tog’ jinslari va tuproqning oqar suvlar ta’sirida emirilish jarayoni. Eroziya relef hosil qiluvchi asosiy omillardan biridir. Yer yuzasidagi Eroziya (notekis relefning tekislanishi) va chiziqli Eroziya (relef bo’laklarga bo’linib, vodiy va jarliklarni hosil bo’lishi), yonlama Eroziya (Daryo sohillarining yuvilishi) va chuqurlikdagi Eroziya (Daryo o’zanining chuqur o’yilishi)lar farq qilinadi. Tuproqning eng yuqori qatlamlarida sodir bo’ladigan Eroziya tuproq eroziyasi deyiladi.

EROZIYA (tibbiyotda) — teri epitelial yoki shilliq qavatlarining shilinishi va yaralanishi. Eroziyada epitelial qavat zararlanadi. Mexanik ta’sirlar (mas, terining chaqalanishi, shilinishi), degenerativ yallig’lanish jarayonlari (masalan, me’da Eroziyasi), yaralangan joydan ajraladigan patologik suyuklik ta’siri (masalan, bachadon bo’yni Eroziyasi) Eroziyaga olib keladi. Me’da shilliq qavati Eroziyasi kattaligi mayda nuqtachalardan bir necha santimetrgacha bo’lib, me’da kirish qismida uchraydi. Teri Eroziyasi mexanik ta’sirlar tufayli, shuningdek, teridagi pufakchalar, pustulalarning yorilishidan vujudga keladi. Eroziya ko’proq qizil rangda bo’lib, ba’zan yiring bilan qoplanadi. Bachadon bo’yni eroziyasi, asosan, bachadon bo’yni kanalining yallig’lanishi oqibatida vujudga keladi. Eroziya butunlay tuzalib ketganidan so’ng o’rnida vaqtinchalik dog’ qoladi. Eroziyani keltirib chiqaruvchi sabablarni aniqlab davolash kerak.