ERITREYA

ERITREYA, Eritreya davlati — Shim.Sharqiy Afrikadagi davlat. Qizil dengizga tutash. Maydoni 117,6 ming kilometr kvadratga yaqin. Aholisi 4,465 million kishi (2002). Poytaxti — Asmera shahri ma’muriy jihatdan 8 provintsiya (rgoutse)ga bo’linadi. Davlat tuzumi. Eritreya — mustaqil davlat. Amaldagi Konstitutsiyasi 1997 yil 24 mayda qabul qilingan. Davlat boshlig’i — prezident (1993 yildan Isayyas Afevork), u Milliy Assambleya tomonidan saylanadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni prezident boshchiligidagi Davlat kengashi (hukumat) amalga oshiradi. Tabiati. Eritreya hududining katta kismini tog’li Eritreya platosi (eng baland joyi 2989 metr, soira tog’i) egallagan; Janubi sharqida Afar soyligi joylashgan. Iqlimi subekvatorial, cho’l iqlim. Yillik o’rtacha temperatura 23° dan 37° gacha, eng yuqori temperatura 45° (yerning eng issiq rayonlaridan biri). Yillik yog’in 50— 200 millimetr. O’simliklari cho’l va chala cho’l o’simliklaridan iborat. Aholisi. Eritreyada tigrai, Tigre, afar, Saxo va boshqalar xalqlar yashaydi. Rasmiy tillar — tigrai va Arab tillari. Dindorlari, asosan, xristianmonofistlar va sunniy musulmonlar. Shahar aholisi 16,3%. Muhim shaharlari: Asmera, Massaua, Keren. Tarixi. 13-16-asrlarda hoz. Eritreyaning katta qismi Efiopiya davlati tarkibida bo’lgan. 1882 yil qizil dengiz sohilidagi Aseb porti, 1885 yil Massaua porti va sohil bo’yidagi aholi yashaydigan bir qancha qishloqlarni Italiya egallab oldi. 1890 yil Italiya qizil dengiz sohilidagi o’zining barcha mulkini Eritreya mustamlakasiga birlashtirdi (Eritreya lotin tilidagi qizil dengiz nomidan kelib chiqqan). 1896 yilgi Italiya Efiopiya shartnomasiga muvofiq, Eritreya chegaralari belgilab olindi. 1935 yil Eritreya Efiopiya bilan birga Italiya Sharqiy Afrikasi mustamlakasi tarkibida bo’ldi. 1941 yil bahorda Eritreya inglizefiop qo’shinlari tomonidan ozod qilindi; 1952 yilgacha ingliz harbiy ma’muriyati boshqardi. 1952 yil federatsiya a’zosi sifatida Efiopiya tarkibiga kirdi. 1962-87 yillarda Eritreya Efiopiya tarkibida provintsiya, so’ng ma’muriy rayon. 1950- yillardan Eritreya ozodlik xalq fronti boshchiligida Efiopiya Markaziy hokimiyatidan ajralish uchun qurolli kurash avj oldi. 1991 yil qo’zg’olonchilar Asmera shahrini ozod qildilar. 1993 yil 24 mayda Eritreya rasmiy ravishda mustaqil davlat deb e’lon qilindi. Eritreya — 1993 yildan BMT a’zosi. Milliy bayrami — 24 may — Mustaqillik kuni (1993). Siyosiy partiya va kasaba uyushmalari. Demokratiya va adolat uchun xalq fronti, 1970 yil tuzilgan. 1994 yilgacha Eritreya ozodlik xalq fronti deb nomlangan. Kasaba uyushmalari haqida ma’lumotlar yo’q. Xo’jaligi. Eritreya — agrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda sanoat 12,3%, qishloq xo’jalik 8,4% ni tashkil etadi. Iqtisodiyotining asosi — qishloq xo’jalik (dehqonchilik va chorvachilik). Mehnatga layoqatli aholining 80% qishloq xo’jalikda band. Asosan, bug’doy, arpa, tariq, makkajo’xori, dukkaklilar, sabzavot va qovun ekiladi, kofe etishtiriladi. Chorvachilikda qoramol, echki, qo’y, tuya, parranda boqiladi; baliq ovlanadi. Asosiy sanoat tarmoqlari: neftni qayta ishlash, to’qimachilik, ko’npoyabzal, tikuvchilik, kimyo, yog’ochsozlik, oziq-ovqat, tsement. Oltin, neft, mis, temir rudasi, nikel, xrom, slyuda, titan konlari bor. Dengizdan tuz qazib olinadi. Temir yo’l uzunligi 306 km, avtomobil yo’llari uzunligi 3,9 ming kilometr, jumladan, qattiq qoplamali yo’llar 21% ni tashkil etadi. Dengiz portlari: Aseb, Massaua. Eritreya chetga tuz, teri, tsement, tsitrus mevalar, xom ashyo chiqaradi. Chetdan mashina va jihozlar, iste’mol mollari va boshqalar oladi. Tashqi savdoda Efiopiya, Saudiya Arabistoni, Italiya, Sudan, Somali, Buyuk Britaniya bilan hamkorlik qiladi. Pul birligi — nakfa. Madaniyati. Eritreyaning Asmera shahrini italyan mustamlakachilari Italiya shaharlariga o’xshatib barpo etishga harakat qilganlar. Asmerada universitet, katta masjid va katoliklar sobori bor. qadimiy Massaua shahri o’zining go’zal plyajlariga ega bo’lgan Sharq shahridir. Asmera shahridan dengiz tomon yuriladigan yo’ldagi tepaliklarda mashhur kopt (Qibt) monastirlari ko’zga tashlanadi. Monastirlarning aksariyati 15-asrda qurilgan bo’lib, ularning eng mashhuri Debre Bizen monastiri (14-asr) dir. Monastirlar kunduzi ziyoratchilar uchun ochib qo’yilgan. Eritreyada 1991 yildan «xades Eritra» («Yangi Eritreya») hukumat gazeta haftada 2 marta tigrai va Arab tillarida, 1994 yildan «Eritrean proufayl» («Eritreya ko’rinishi») haftanomasi ingliz tilida nashr etiladi. «Eritreya xalqi ovozi» hukumat radiostyasi va ER1CHTV huqumat telestyasi ishlaydi.