ERFURT

ERFURT — Germaniyadagi shahar, Gera daryosi bo’yida. Tyuringiya Respublikasining ma’muriy markazi. Aholisi 202,1 ming kishi (1999). Mamlakatning muhim sanoat markazlaridan. Transport yo’llarining yirik chorrahasi. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Mashinasozlik sanoati rivojlangan: temirchilik presslash uskunalari, radioelektronika jihozlari, elektron hisoblash texnikasi ishlab chiqaruvchi korxonalar mavjud. Kimyo, mebel, tikuvchilik, poyabzal, poligrafiya, oziq-ovqat sanoati korxonalari ishlab turibdi. Tibbiyot akademiyasi, universitet bor. Erfurtga 741 yilda asos solingan. 8-asrda yirik savdo shahri bo’lgan. Me’moriy yodgorliklardan 12— 15-asrlarda qurilgan gotika cherkovi va sobor saqlangan. Erfurtda gul navlarining xalqaro ko’rgazmasi o’tkaziladi.