TSVEYG (ZWEIG) ARNOLD

TSVEYG (ZWEIG) ARNOLD (1887.10.11, Gros-Glogau, Polsha 1968.26.11, Berlin) nemis yozuvchisi va jamoat arbobi. 1907-15 yillarda Broslau, Myunxen, Berlin universitetlarida o’qigan. 1933 yildan antifashist sifatida muhojirlikda, 1948 yildan Berlinda yashagan. «Klavdiya haqidagi novellalar» (1912) romanida, hikoyalar, kissalar, dramalarida an’anaviy realizm va modernizm belgilari kuzatiladi; romanda san’at bilan voqelik, ijod bilan pul hukmronligi orasidagi ziddiyat tasvirlanadi. «Oq odamlarning katta urushi» ijtimoiy-psixologik epopeyasi (6 romandan iborat, 1927-57), jumladan, «unter Grisha haqidagi mojaro» (1927), «Verdenda olingan tarbiya» (1935) romanlari 1913-18 yillar voqealarini qamrab olgan va «kichik odam»ning urush paytidagi muammolariga bag’ishlangan. Shu turkumdagi «Vandsbek boltasi» (1943, ivrit tilida) romanida esa fashizmga xizmat qilgan nemis mayda burjua tabaqalarining axloqiy tubanliklari fosh etilgan.