YIGIRISH MASHINASI
YIGIRISH MASHINASI – tolalar ni tozalab, titib, savab, tarab, olingan piltani qo’shib cho’zib yoki bo’shgina ximarib tayyorlangan pilikdan har xil yo’g’on-ingichkalikdagi ip oladigan mashina. Ishlatiladigan tolalar (jut, jun, zig’ir, paxta, kanop, ipak va sun’iy tolalar) ning turiga qarab, tabiiy tolalarga mo’ljallangan Yigirish mashinasi, urchukli (halqali) Yigirish mashinasi va urchuqsiz Yigirish mashinasi, yigirish-pishitish mashinasi kabi xillarga bo’linadi. Kimyoviy tolalar ham tabiiy tolalarga mo’ljallangan mashinalarda yigiriladi. Uzluksiz va uzlukli (to’xtab-to’xtab) ishlaydigan urchuqli (halqali) Yigirish mashinasida barcha turdagi tolalarni yigirish mumkin. Unda tolalardan tayyorlab olingan piliklar cho’zish asbobida ingichkalashtirilib, tolalar tutami hosil qilinadi. Ular urchuq va yugurdaklardan iborat pishitish mexanizmi yordamida ipga aylantiriladi. Ip urchuq va yugurdaklardan iborat pishitish mexanizmi yordamida pishitiladi va o’rash mexanizmi yordamida urchuq naychasi (qog’oz patron) ga o’raladi. Ipga to’lgan naychalar urchukdan olinib, o’rniga bo’sh naychalar kiydirib qo’yiladi. Har bir Yigirish mashinasida 500 tagacha urchuq bo’lishi mumkin. Urchuqsiz Yigirish mashinasi pnevmomexanik, uyurmaviy va elektr-mexanik xillarga bo’linadi. Masalan, tarab to’g’rilangan tolalar pnevmomexanik mashinada havo oqimi yordamida tez aylanib turgan kameraga uzatiladi, u yerda kamera piltaga aylanadi va undan chiqib bobina (g’altak) ga o’raladi. Cho’zish asbobida pilta ingichkalashtirilib, ipga aylantiriladi, burash qurilmasida pishitiladi va o’rash mexanizmi yordamida g’altakka o’raladi. Turli tolalardan pishitilgan g’altak ip olish uchun yigirish-pishitish mashinasidan foydalaniladi. Bu mashina birin-ketin 4 jarayon (yigirish, eshish, burash va g’altakka o’rash jarayonlari) ni bajaradi. Bundam mashina ipni pishitish tezligini va ish unumdorligini ancha oshiradi.