YILLIK MAROM

YILLIK MAROM, mavsumiy marom — biologik jarayonlar va hodisalar intensivligi hamda xarakterining yillik davriy takrorlanib turishi bilan bog’liq bo’lgan o’zgarishlar; qutblardan tortib to tropik zonalargacha bo’lgan hududlardagi barcha organizmlarda kuzatiladi. Tashqi muhit sharoitining kun uzunligi bilan birga o’zgarishi Yillik marom uchun asosiy signal bo’ladi. Biologik jarayonlarning yillik takrorlanib turishi tur uchun muhim bo’lgan reaktsiyalar yig’indisini o’z ichiga oladi. Yillik marom organizmlarning migratsiyasi, qishki yoki yozgi uyquga ketishi, boshpana, in, uya qurishi kabi xilma-xil faoliyatida namoyon bo’ladi. Biokimyoviy va fiziologik funktsiyalarning mavsumiy o’zgarishi o’sish, rivojlanish, ko’payish, termoregulyasiya, faol harakatlanish va boshqa hodisalar bilan bog’liq. Ko’pchilik o’simlik va hayvonlarda Yillik marom doimiy muhit sharoitida o’zgarmas bo’lsada, ko’pincha turga xos hodisa va jarayonlarning qat’iy takrorlanib turishi bu maromdan chetga chiqishi mumkin.