YOGA
YOGA (sanskritcha — birlashish, muloqot) -1) inson ruhiyati va fiziologiyasini boshqarish ta’limoti va metodi. «Xalos bo’lish» (moksha yoki Nirvana) holatiga erishishni maqsad qilib qo’ygan hind diniy va falsafiy tizimlarining tarkibiy qismi. Insonda (ruhiyatni muayyan yo’sinda chog’lash orqali) organik va anorganik jarayon va jismlarni boshqarish uchun qandaydir kuch va imkoniyatlar mavjudligini tan oladi. Yogada jismoniy mashqlar tizimi ishlab chiqilgan va organizmning nafas olish va boshqa fiziologik funktsiyalarini boshqarishda, insonda xohlagan ruhiy holatni vujudga keltirishda ma’lum muvaffaqiyatlarga erishilgan. Asosiy falsafiy g’oyasi— inson psixofiziologiyasi bilan koinot o’rtasidagi uyg’unlik; 2) hind falsafasidagi 6 ortodoksal (vedalarni e’tirof etadigan) tizimlardan biri. Qadimgi hind faylasufi Patanjali (miloddan avvalgi 2-asr bilan milodiy 2-asr oralig’i) asos solgan. Yoga metodlari tabiati va funktsiyalarini, ularni qo’llanish bosqichlari va boshqalarni tadqiq etgan. Umumiy falsafiy masalalarda sankxya ta’limotiga ergashadi.