YERQALAMPIR
YERQALAMPIR, xren (Armoracia) — karamdoshlar oilasiga mansub ko’p yillik o’simlik turi, sabzavot ekini. Yevrosiyoda 2 turi bor. Oddiy Yerqalampir (A. rusticana) — Yevropa, Hindiston, AQSh, Xitoy, O’rta Osiyoda ekiladi (ildizida S vitamini, efir moylari, fitontsidlar bor). Iste’mol uchun yo’g’on etli ildizpoyasi (ziravor sifatida) va bargi ishlatiladi. Tupi serbarg. Bargi yashil, cho’ziq, to’p-to’p bo’lib o’sadi. Ildizi tuproqqa 80-100 santimetrgacha kirib boradi, ildizpoyasi esa tuproqning 30 santimetrgacha bo’lgan qismida joylashadi. Yerqalampir yuqori haroratga chidamli, namga talabchan. Ildiz poyalaridan tayyorlangan qalamchalardan (uzunligi 15-20 santimetr, yo’g’onligi 1 — 1,5 santimetr) ko’paytiriladi. Kuzda qalamchalar yerto’la yoki issiqxonalarda saqlanadi. Erta bahorda yoki avgust oyida dalalarga qatorlab yoki qo’sh qatorlab ekiladi. 1 gektar maydonga 40-55 ming ko’chat ketadi. Kuzda o’suv davri tugagach, ildizmevalari kavlab olinadi. 120-150 tsentner/gektar ildizpoya va 350-400 tsentner/gektar barg olinadi. Yerqalampir ildizi va bargida turli mineral tuzlar, vitaminlar va achchiq ta’m beruvchi sinergii glikozidi mavjud. Undan oshqozon kasalliklarini davolashda foydalaniladi. Yerqalampir o’ziga xos o’tkir hid va xushbo’y ta’m beradi. Oziq-ovqat sanoatida, turli mahsulotlarni (pomidor, bodring va boshqalar) tuzlashda ishlatiladi. Valkovskiy, Atlant, Suzdal navlari ekiladi. O’zbekistonda shaxsiy tomorkalarda, fermer xo’jaliklarida yetishtiriladi. O’tloq Yerqalampir (A. sisymbrioides) — yovvoyi holda uchraydi. Ildizi iste’mol qilinadi. Dilorom Yormatova.