YETTISOY BOTIG’I

YETTISOY BOTIG’I — Mirzacho’ldagi botiq. Guliston va Yangiyer shaharlari oralig’idagi temir yo’ldan 10-12 kilometr Sharq (Darvozaqum)dan boshlanib, Janubiy-sharqdan shimoliy-g’arbga yo’nalgan. Mirzacho’lning markazidagi Sardoba botig’iga borib tutashadi. Ikkala botiq o’rtasida katta Shuybek suvayirg’ichi mavjud. Uzunligi 45 kilometr, eng keng joyi 10-13 kilometr. Yettisuv botig’i o’zansimon berk botiq bo’lib, shimoliy-Sharqda Sirdaryoning allyuvial, Janubda Turkiston tizma tog’laridan oqib keluvchi soy va kichik daryolarning Allyuvi-al-prolyuvial yotqiziqlarining to’planishidan vujudga kelgan. Tubida do’ngliklar, marzalar (balandligi 2-5 metr) va pastqamliklar (chuqurligi 1-5 metr) mavjud. Yettisuv botig’i 30 metr qalinlikkacha asosan qumloq va qumoq yotqiziqlardan tashkil topgan. Tuprog’i asosan, qatqaloq va po’rsildoq sho’rxoklardan iborat, balandroq do’ng va marzalarda sho’rtob och bo’z tuproq, pastqamliklarda botqoqli sho’rxoklar uchraydi. Yettisuv botig’iga Janubdan va shimoldan sug’oriladigan yerlardan grunt suvlarining oqimi yo’nalgan. Relefning o’ydim-chuqurligi va sho’rxoklarning keng tarqalganligi tufayli Yettisuv botig’ining erlari sug’orish uchun yaroqsiz.