YER OSTI NAMAKOBLARI

YER OSTI NAMAKOBLARI – tarkibida erigan mineral moddalar, asosan nitratlar yoki sulfatlar kontsentrasiyasi 36 gramm/litrdan ortiq bo’lgan yer osti suvlari. Yer osti namakoblari sedimentasiya havzalarida keng tarqalgan. Shuningdek, Yer osti namakoblari shelflarda (Florida yarim oroli yaqinida) hamda kristalli qalqonlarning (Boltiq, Ukraina, Kanada) gipergen darzlanish zonalarida ma’lum. Ular odatda chuchuk va sho’r suvlar ostida cho’kindi g’ilofning qalin qatlamlarida joylashgan. Ba’zi bir dengizlar (Kaspiy, qizil dengizlar, Meksika qo’ltig’i va boshqalar) tubidagi cho’kindilar ostidan ham topilgan. Tarkibidagi anionlarning miqdoriga qarab xloridli (natriy, kaltsiy, magniyli), sulfatli va gidrokarbonatli bo’ladi (xloridlisi ko’p tarqalgan). Yotish sharoitiga qarab sedimentasiya havzalarida Yer osti namakoblarining tuz usti, oraliq va tuz osti turlari ajratiladi. Tuz usti namakoblari deyarli natriyli bo’lib, sho’rligi 300-320 gramm/litr; tuz oralig’i va tuz osti namakoblari ko’p komponentli, sho’rligi 600 gramm/litrgacha. Yer osti namakoblaridan yod, brom, osh tuzi, magniy, kaltsiy, kaliy olinadi. Bor, rubidiy, tseziy, strontsiy uchun potentsial xom ashyo hisoblanadi. Yer osti namakoblari davolanishda namakob vannalarida ishlatiladi. O’zbekistonda Yer osti namakoblari Ustyurt, Jan. Orolbo’yi, Buxoro-Qarshi, Surxondaryo, shuningdek, Farg’ona artezian havzalarida mavjud. Ular 500 metr va undan chuqurroqda chuchuk va sho’r suv qatlamlari ostida joylashgan. Buxoro-qarshi artezian havzasining yuqori yura davri tuzli qatlamida o’ta quyuq (540 gramm/litrgacha) namakoblar borligi aniqlangan.