YER YADROSI

YER YADROSI — yerning Markaziy eng chuqur geosferasi. Yer yadrosining yuqori chegarasi 2900 kilometr chuqurliqda, radiusi qariyb 3500 kilometr. Yerning markazida temperatura 5000°, zichlik qariyb 12,5 ming t/m3, bosim 361 gPa gacha. Yer yadrosining yuqori chegarasida bo’ylama to’lqinlarning tarqalish tezligi keskin sakrab 13,7 dan 8,1 kilometr/sekundgacha kamayadi va aksincha yerning markazi atrofida 11,2 kilometr/sekundgacha ko’payib boradi. Yer yadrosining tuzilishi, fizik xossalari to’g’risidagi ma’lumotlar geofizika tadqiqot metodlaridan foydalanib olingan. Yer yadrosi tashqi va ichki yadro (sub’yadro)dan iborat. Sub’yadroning radiusi 1300 kilometr chamasida. Tashqi yadroda ko’ndalang seysmik to’lqinlar tarqalmaydi. Shuning uchun ham tashqi yadro suyuq bo’lsa kerak deb taxmin qilinadi. Tashqi yadrodan ichkisiga o’tishda bo’ylama to’lqinlar ko’ndalang to’lqinlarni qo’zg’atib yuboradi. Shu bois ichki yadro qattiq bo’lsa kerak deb faraz qilinadi. Yer yadrosining tarkibi to’g’risida yagona fikr yo’q. Ba’zi olimlar Yer yadrosi temir va nikeldan iborat deyishsa, boshqalari metallashgan silikatlardan, uchinchi guruh olimlar esa temir oksidlaridan tashkil topgan deb hisoblaydilar. Geofizik ma’lumotlar va eng kuchli bosim sharoitida bajarilgan tajribalardan olingan ma’lumotlar asosida Yer yadrosi ehtimol nikel va oltingugurt aralashmali temirdan tashkil topgan deb faraz qilinadi. Yer magnit maydonining paydo bo’lishini tashqi yadrodagi mexanik elektromagnit jarayonlari bilan bog’laydilar.