YER QAZIRLAR

YER QAZIRLAR, yer sichqonlar (Soricidae) — hasharotxo’rlar (sut emizuvchilar) turkumining oilasi. Osiyo, Yevropa, Afrika va Amerika qit’alarida keng tarqalgan, 21 tacha urug’i bor. O’zbekistonda mitti oqtish (Suncus etruscus), kichik oqtish (Crocidura suaveolens), ola putorak (Diplomesodon pulchellum) va oqqorin oqtish (Crocidura leucodon) uchraydi. Yer qazirlar sut emizuvchilarning ichida eng maydasi, mas, mitti yer sichqon tanasining uzunligi 3,5 santimetr, dumi 2,5 santimetrcha. Ko’rinishi sichqonga o’xshaydi, lekin boshining kattaligi, burnidagi uzun xartumchasi va ko’zining kichikligi bilan ulardan farq qiladi. Tanasining usti baxmaldek silliq va mayin qoramtir qisqa jun bilan qoplangan. Tishlari kurak va oziq tishlardan iborat. Oyoqlari kalta, tumshug’ida mo’ylovi bor. Ko’p turlari har xil o’rmonlarda, ba’zi turlari cho’l va dashtlarda yashaydi. Kutor degan turi hatto suvda yashashga moslashgan. Yer qazirlar juda xo’ra. Zararkunanda hasharotlar va ularning lichinkalarini ko’plab yeb foyda keltiradi.