YERDAN TASHQARIDAGI TSIVILIZASIYALAR
YERDAN TASHQARIDAGI TSIVILIZASIYALAR — hozirgi zamon ilmiy tasavvurlariga ko’ra, yerdan boshqa (masalan, uzoq yulduzlar atrofida aylanadigan) sayyoralarda yashashi mumkin bo’lgan aqlli mavjudotlar jamiyatlari. Ularning taraqqiyot darajasi insoniyatning taraqqiyot darajasiga yaqin yoki undan yuqori deb faraz qilinadi. Yerdagi hayot evolyutsiyasi (bir hujayralilardan ko’p hujayralilar sari, ko’p hujayrali tuban organizmlardan yuqori organizmlar sari taraqqiy etish), shuningdek, Metagalaktikaning milliard-milliard sayyoralardan tashkil topganligi va bu sayyoralarning ayrimlarida organik hayot paydo bo’lib rivojlanishi uchun shartsharoitlar mavjudligi ehtimoli yerdan tashqarida, Koinotning biror qismida hayotning mavjud bo’lishini taqozo etadi. Mazkur umumiy mulohaza asosida, shuningdek, yerga yaqin Mars va Venerada atmosfera va boshqalar fizik shart-sharoitlar mavjudligiga qarab, bu sayyoralarda hayotning eng oddiy shakllari bor degan taxminlar paydo bo’lgan. 20-asrning 50— 60-yillarida sayyoralardagi hayot uchun zarur bo’lgan fizik sharoitlarni o’rganish natijasida oyda, Venera, Mars va Quyosh sistemasining boshqa sayyoralarda yerdagidek oliy hayot shakllari bo’lmasligi isbotlandi. Lekin Marsdagina eng oddiy hayot shakllari bo’lishi mumkin deb taxmin qilinadi. Quyosh sistemasiga yaqin turgan va o’z sayyoralar sistemasiga ega bo’lgan ko’pgina yulduzlarning tabiiy sharoitlarini o’rganish ana shu sayyoralar sistemasida hayot paydo bo’lib, rivojlanishi mumkin degan ehtimolni deyarli yo’qqa chiqardi. Hozir juda kamdan-kam yulduzlardagina hayot bunyodga kela oladigan sohalar bo’lishi mumkin deb taxmin qilinadi. Yerdan tashqaridagi tsivilizasiyalarning mavjudligi haqidagi masala hozirgi vaqtda ehtimoldan xoli bo’lmagan gipoteza bo’lib, hali eksperimental dalillar bilan tasdiqlangani yo’q. Kosmonavtikaning keyingi taraqqiyoti va koinotdan kelayotgan elektromagnit nurlarni o’rganish sohasidagi tekshirishlar Yerdan tashqaridagi tsivilizasiyalar bor degan taxminni quvvatlaydigan yoki bo’lish ehtimolini kamaytiradigan dalillarni beradi.