TSELLYULYAR PATOLOGIYA

TSELLYULYAR PATOLOGIYA (lotincha Cellula — xonacha; bu yerda hujayra ma’nosida), hujayra patologiyasi tibbiyot nazariyasi. 1855-58 yillarda R.Virxov yaratgan. Uning asosi hujayra nazariyasitr. Uning asosiy qoidalari quyidagicha: 1) hujayra butun tirik mavjudotning birlamchi morfologik elementi bo’lib, usiz na normal, na patologik hayotiy faoliyat yo’q; 2) har qanday hujayra hujayradan hosil bo’ladi; 3) har qanday tirik mavjudot hayot uchun muhim elementlarni o’zida mujassamlashtirgan hujayra tarkibiy qismlari majmuidan iborat; 4) organizmda alohida elementlar faoliyatini boshqarib turadigan anatomik-fiziologik markaz yo’q, faqat hujayraning muntazam tiklanib turishi organizmning bir butunligini ta’minlaydi; 5) har bir hujayra ozmi-ko’pmi o’ziga mustaqil bo’lib, o’zgarishlar bir hujayra doirasidagina ro’y berishi mumkin; 6) butun patologiya hujayra patologiyasidir; kasallik — organizmning muayyan joyiga tegishli jarayon; agar vrach kasallangan joyni aniq bilolmasa, u kasallik haqida to’g’ri xulosaga kelolmaydi. Tsellyulyar patologiyaga asos bo’lgan juda ko’p daliliy manbalar tibbiyotning rivojlanishida, ya’ni kasallangan organizmda ro’y bergan morfologik o’zgarishlarni o’rganish, ular patogenezini aniqlash, diagnostikani takomillashtirishda muhim rol o’ynaydi. Tsellyulyar patologiya gumoral patologiya, shuningdek, barcha kasalliklarning kelib chiqishiga organizmdagi zich zarrachalar va nerv sistemasining buzilishigina sabab bo’ladi, deb bilgan bir tomonlamalik va xatoliklarni bartaraf etdi. Biroq Virxov, ayniqsa, uning izdoshlari bu qarashlarga qarshi chiqish bilan birga hamma patologik jarayonlarni faqat hujayrada bo’ladigan o’zgarishlarning oqibati deb bilishdi; shuningdek, kasallikning avj olishida nerv va gormonal omillarning ahamiyatini hisobga olmay bir tomonlikka yo’l qo’ydilar. Ular tomonidan organizmning bir butunligi bilan ichki va tashqi muhitning o’zgarib turuvchi sharoiti o’rtasidagi bog’liklikning inkor etilishi o’sha davr rus olimlari I.M. Sechenov va boshqalarning haqqoniy tanqidiga uchradi. Fanning keyingi yutuqlari, ayniqsa, neyro gumoral omillar, subhujayra va molekulyar strukturalarning o’rganilishi Tsellyulyar patologiyaning xatoliklariga barham berish va tsellyulyarizm, gumoralizm, nervizmning barcha foydali tomonlarini birlashtirish, yaxlitlashga imkon berdi.