G’AYRATIY
G’AYRATIY (taxallusi; asl nomi Abdurahim Abdullayev) (1902.15.2 — Toshkent — 1976.17.1) — O’zbekiston xalq shoiri (1972). Dastlab «Namuna» maktabi (1917-18) va o’qituvchilar tayyorlash 2 yillik kursida (1918-19) o’qigan. Toshkentdagi to’liqsiz o’rta maktabda o’qituvchilik qilgach (1919— 23), Bokuga borib, o’qituvchilar seminariyasida tahsil olgan (1926). Toshkent qishloq xo’jalik mashinasozligi zavodida ishchi va adabiyot to’garagi rahbari (1928-31), O’zbekiston davlat nashriyotida muharrir (1931 — 35), Alisher Navoiy nomidagi opera va balet teatrida adabiy emakdosh (1942), maktab o’quvchilari saroyida adabiyot to’garagi rahbari (1946-76). Ilk she’rlar to’plami — «Yer tovushi» (1927). Shundan so’ng G’ayratiyning «Yashash taronalari» (1928), «Temp» (1931), «Olov tanlar» (1932), «Tanlangan asarlar» (1934), «Sevgi» (1939), «Oltin yoshlik» (1940), «asr sadosi» (1972) kabi she’rlar va «qutulish» (1928), «hashar» (1929), «qora yuraklar» (1931), «hikoyalar» (1957) kabi hikoyalar to’plamlari, «oqin hukmi» (1931), «Uzoqdagi yor» (1967), «Baxmal qirg’oq» (1971) qissalari nashr etilgan. G’ayratiy 30-yillar adabiy jarayonida faol ishtirok etib, shu davr g’oyalari ifodalangan she’rlari, ayniqsa, uyg’ur xalqining musibatli o’tmishiga bag’ishlangan «Onamga xat» (1935) va «Jinasta» (1937) dostonlari bilan mashhur bo’lgan. G’ayratiyning 2-jahon urushi yillarida millatchilikda ayblanib, Yozuvchilar uyushmasidan chiqarilishi uning keyingi ijodiy taqdiriga salbiy ta’sir ko’rsatgan. U o’zini g’oyaviy jihatdan oqlash maqsadida Hamza, Furqat va Zavqiyga bag’ishlangan «O’lmas qo’shiq», «shoir» (1955), «G’urbatda Furqat» (1959), «bizning ham-za» (1966) kabi dostonlar hamda ateistik mavzuda hikoyalar yozgan. G’ayratiy bolalarga bag’ishlab «yo’qolgan bola» (1935), «O’rmon mushugi», «toshsoqa kanali» (1940) dostonlarini, «mening yoshligim» (1935), «unutilmas kunlar» (1957), «Rustamning sarguzashti» (1961) qissalarini yozgan. Shuningdek, G’ayratiyning bolalar hayotidan olingan «Omon», «tinchlik o’rmoni», «uchrashuv», «O’rmonda», «qanotli do’stlar», «Ali kichkina», «tugmachagul» kabi pyesa va instsenirovkalari mavjud. Ularning aksari respublika qo’g’irchoq teatrlarida sahnalashtirilgan. G’ayratiy respublika o’quvchilar saroyidagi adabiyot to’garagiga rahbarlik qilgan. Bu to’garakdagi shogirdlari orasidan keyinchalik E.Vohidov, X.Saloh, Yu.Shomansur, Sayyor, A.Eshonov singari shoir va yozuvchilar yetishib chiqqan. As. Tanlangan asarlar [2.j.li], 1-2- j. T., 1973-75; tarannum vatabassum [She’rlar], T., 1975; Quyosh mehri [she’rlar], T., 1978; Quyoshga muhabbat, T., 1980. Ad.Sharipov M., G’ayratiy [adabiytanqidiy ocherk], T., 1961; Mamajonov S ., G’ayratiy [adabiy portret], T., 1972.