G’UZOR TUMANI
G’UZOR TUMANI – Qashqadaryo viloyatidagi tuman. 1926 yil 29 sentabrda tashkil etilgan. Shimoldan Qamashi, Chiroqchi, sharqdan Dehqonobod, g’arbdan Qarshi va Nishon tumanlari, Janubda 25 kilometr masofada Turkmaniston bilan chegaradosh. Maydoni 2,62 ming kilometr kvadrat. Aholisi 147 ming kishi (2005). Tumanda 1 shahar (G’uzor), 12 qishloq fuqarolari yig’ini (Bo’ston, Batosh, Gulshan, Xalqobod, Shakarbuloq, Qorapul, Pachkamar, Zarbdor, Sherali, Mehnatobod, Qo’shtepa, Guliston) bor. Markazi — G’uzor shahri. Tabiati. G’uzor tumani Qashqadaryo viloyatining Janubi-sharqida, Qashqadaryoning o’rta oqimida. G’uzordaryo havzasi, G’uzor adirlari va tog’oldi qiya tekisliklarida joylashgan. Hisor tog’larining eng chekka Janubi-g’arbidagi tarmoqlari bo’lgan Langar — Qorael tog’larining o’rtacha balandligi 800— 850 metr. Pachkamar suv ombori sohillaridagi bu past tog’lar shimoli-sharqdan Janubi-g’arbga yo’nalgan, yon bag’irlari yassi bo’lib, mutlaq balandligi 430-750 metr bo’lgan G’uzor adirlariga tutashib ketgan. Adirlar zamini to’rtlamchi davr lyossimon jinslari bilan qoplangan, osti shag’al va konglomerat qatlamlaridan tashkil topgan. G’uzor tumani va unga tutash Qamashi, Qarshi va Nishon tumanlari doirasida katta zaxiraga ega bo’lgan gazli va gaz kondensatli yotqiziqlar O’zbekistondagi 5 ta neftgazli regionning eng boy Hisor oldi hududini tashkil etadi. Sho’rtan gaz ishlab chiqarish va «Sho’rtangazkimyo» majmualarining barpo etilishi bilan ularni sel xavfidan muhofaza etish maqsadida tumanning Janubi-g’arbida ixotazorlar, 10 ming gektar yerda «Sho’rtangazkimyo» ga qarashli maxsus o’rmon xo’jaligi tashkil qilingan. Iqlimi kontinental. O’rtacha yillik temperatura 16°. Yanvarning o’rtacha temperaturasi 1,9°, eng past temperatura -23°. Iyulning o’rtacha temperaturasi 26,6°, eng yuqori temperatura 46°. O’rtacha yillik yog’in 285 millimetr. Yog’inning asosiy qismi bahor va qish fasllarida yog’adi. Vegetatsiya davri 272 kun. Tumanning shimol chekkasidan Qashqadaryo oqib o’tadi. Shuningdek, G’uzordaryo va uning irmoqlari — katta O’ra-Daryo va kichik O’radaryodir. Tuman hududida Pachkamar suv ombori qurilgan. Tuproqlari och va tipik bo’z tuproqlar. Yovvoyi o’simliklardan tekisliklarda, asosan, qoramashoq, qo’ng’irbosh, qorasho’ra, chalov, no’xatak, istaran, kovrak, yantoq, yulg’un, tog’li qismida na’matak, do’lana va boshqalar o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan tulki, bo’ri, quyon, kiyik, chiyabo’ri, parrandalardan chumchuq, qarg’a, bedana, kaklik, chil, kalxat, burgut; kemiruvchilardan sichqon, kalamush; sudralib yuruvchilardan turli zaharli va zaharsiz ilonlar, echkemar, kaltakesaklar, suv havzalarida sazan, laqqa, qorabaliqlar uchraydi. Aholisi, asosan, o’zbeklar, shuningdek, tojik, tatar, rus va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 kilometr kvadratga 56 kishi. Shahar aholisi 22,3 ming kishi, qishloq aholisi 124,7 ming kishi (2005). Xo’jaligi. Tumanda 56 sanoat, qurilish korxonasi bor, shulardan yiriklari: paxta tozalash, ta’mirlash, qishloq xo’jalik mahsulotlarini qayta ishlash, ta’mirlash-qurilish, «Sho’rtangaz» unitar-sho»ba, «Sho’rtangaz-kimyo» sanoat korxonalaridir. Savdo, madaniy va maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari, avtovokzal, avtokemping, dehqon bozori bor. G’uzor tumanida 1500 ga yaqin fermer va dehqon xo’jaliklari faoliyat ko’rsatmoqda. Tuman qishloq xo’jalik, asosan, paxtachilik, g’allachilikka ixtisoslashgan, qo’ychilik (jumladan, Qorako’l qo’ylari), qoramolchilik, parrandachilik ham rivojlangan. Yiliga qariyb 13 ming Qorako’l teri tayyorlanadi. Tumandagi ekin maydonlarining 12,3 ming gektar yeriga paxta, 26,7 ming gektar yeriga don, shuningdek, sabzavot, kartoshka, ozuqa ekinlari ekiladi. Tumandagi jamoa va shaxsiy xo’jaliklarida 32,9 ming qoramol, 259 ming qo’y va echki, 55 ming parranda, 1,2 ming yilqi boqiladi (2003). 77 umumiy ta’lim maktabi (40 mingdan ziyod o’quvchi), 3 litsey va 3 kasb-hunar kolleji (jami 1700 o’quvchi) bor. 37 kutubxona, 12 klub muassasasi, madaniyat va istirohat bog’i mavjud. Tuman Markaziy kasalxonasi, poliklinika, dorixona, feldsher-akusherlik, qishloq vrachlik punktlari va boshqa tibbiy muassasalar aholiga xizmat ko’rsatadi. Tuman hududidan Toshguzar — Boysun — Qumqo’rg’on temir yo’l o’tkazilmoqda. Qarshi — kitob temir yo’l, uning Sho’rtanga boruvchi 15 kilometrga yaqin tarmog’i, Toshkent — Termiz avtomagistralining bir qismi, Qarshi — G’uzor, Shahrisabz — Qarshi va boshqa yo’nalishlar bo’yicha avtomobil yo’llari o’tkazilgan. G’uzor shahridan Qarshi shahriga avtobus va marshrutli taksilar qatnaydi. Latif Erdonov, Abdulyaa Mamatov.