ILVIRS
ILVIRS, qor qoploni (Uncia uncia) — mushuksimonlar oilasiga mansub yirtqich hayvon. Ilvirslar urug’ining yagona turi. Tanasining uzunligi 103— 130 santimetr, dumi 80-105 santimetr. Leopardga o’xshash, lekin juni kulrang-sarg’ish qoramtir xolli bo’lishi bilan undan farq qiladi. Yungi qalin va paxmoq bo’ladi. Markaziy va O’rta Osiyoning baland tog’li hududlarida 2000 metr balandlikda, doimiy muzliklar chegarasida uchraydi. Qishda birmuncha pastroqqa — ignabargli daraxtzorlar mintaqasiga tushadi. Kun botish bilan, ba’zan kunduzlari faol bo’ladi. 1-5 tagacha, odatda, 2-3 ta bola tug’adi. Tog’tuyoqli hayvonlari (asosan, tog’ qo’ylari), ba’zan quyon, sug’ur kabi hayvonlar bilan oziqlanadi. Soni va turi to’xtovsiz qisqarib bormoqda. Xalqaro va O’zbekiston qizil kitobiga kiritilgan.