ILONBOSH
ILONBOSH (Channidae yoki Ophiocephalidae) — olabug’asimonlar turkumiga mansub baliq. Tanasining uzunligi 15-120 santimetr, vazni 7 kilogrammgacha. Asl vatani tropik Afrika, g’arbiy va Janubiy Sharqiy Osiyo, Amur daryosi havzasi. Yassilashgan boshi tangachalar bilan qoplangan bo’lib, ilon boshiga o’xshaydi. Orqa va anal suzgichlari uzun. Ilonboshning atmosfera havosidan nafas olishga imkon beradigan jabra usti organi bor. Ilonbosh Channa argus Amur daryosi havzasida tarqalgan. Tanasining uzunligi 85 santimetrgacha, vazni 7 kilogrammgacha. Botqoqlashgan va hatto ifloslangan kulmak suv havzalarida yashay oladi, suvsizlikka bir necha kun chidaydi. 3 yoshida voyaga yetadi, iyun — iyul oylarida urchiydi. Urg’ochilari suv yuzasida poya va barglardan yasalgan uyaga o’rtacha 7300 uvildiriq tashlaydi, erkagi bu tuxumlarni qo’riqlaydi. Yirtqich, 20-asrning 60-yillarida O’zbekiston suv havzalariga tasodifan kelib qolgan. Ovlanadi.