ABADIY QORLAR
ABADIY QORLAR – yil bo’yi erimay yotadigan muz va qor qoplami. Issiq va mo’tadil o’lkalarda baland tog’ va yassi tog’ cho’qqilarida, qutbiy o’lkalarda – tekisliklarda ham uchaydi. Yil davomida yog’adigan qattiq atmosfera yog’ining o’sha joyning relief va iqlim sharoitida erib yoki bug’lanib ketadigan miqdoridan ortishi hisobiga yuzaga keladi. Abadiy qorlarning faqat eng yuqoridagi yuza qatlamigina qordan iborat, chuqurlashgan sari, ustki qatlamlar bosimi tufayli firn (qotgan qor) va muzga aylanadi. Abadiy qorning eng quyi chegarasi qor chegarasi deb ataladi. Abadiy qorning yuzasi ko’p hollarda shu joy relyefini silliqlangan tarzda aks ettiradi; shu bilan birga abadiy qorning o’ziga taalluqli mikrorelyef shakllari ham (seraklar, erish egatlari, uyali qor) mavjud). Tekis yuzalarda shamol qorlardan turli qor uyumlarini shakllantiradi.