Yo ozodlik, yo o’lim!

Mazkur vatanparvarlik ruhi bilan sug’orilgan so’zlar 1365 yilda Samarqandda bosh ko’targan qo’zg’olonchilarning shiori sifatida jaranglgan edi. Qo’zg’olonchilar Sarbadorlar nomi bilan atalgan edi. “Sarbador” so’z “bosh dorga” demakdir. Buning ma’nosi g’alaba nasib etsa ozodlikka chiqishlikni, bordiyu mag’lubiyatga duchor bo’linsa dorga osilishga tayyorlikni anglatgan. Sarbadorlar qo’zg’olonining arafasida mamlakatda mo’g’ul shahzodalarining yakkahokimlik uchun kurashi qizg’in tus olib, hayotda g’oyatda og’irlashgan. Ayniqsa Amir Husayn va Ilyosxo’ja o’rtasida kurash katta talafot va parokandalikni yuzaga keltirmoqda edi.

1365 yilda ular o’rtasida Toshkent bilan Chinoz o’rtasida loygarchilik paytida jang bo’ldi. Natijada Amir Husayn yengiladi. Bu g’alabadan ruhlangan Ilyosxo’ja Samarqandni egallash maqsadida yo’lga chiqadi. Bundan xabar topgan Samarqand shahrining aholisi o’zining kuchi bilan dushmanga zarba berishlikka ahd qiladi. Ammo Samarqandning mudofaa devori Chingizxon tomonidan buzib tashlanib hamon xaroba holatda edi. Dushman kuchi yaqinlashib kelayotgani haqida xabar olinishi bilan shahar maydoniga minglab kishilar to’planadi. Bu yerda madrasa talabasi Mavlonzod, paxta tituvchilar mahallalik Abu Bakr Kalaviy va Xurdak Buxoriylar xalqni bosqinchilarga kurashishga da’vat etdilar. Mavlonzoda so’zga chiqib dedi: Musulmon ahli! Hozirda g’ayridinlar – mo’g’ullar kuchli qo’shin bilan bizlarning mol-mulkimizni talon-taroj etish uchu kelmoqdalar. Xalqdan turli soliqlarni undirayotgan va o’zlarining xohishlaricha sarflayotgan hokimiyat vakillari og’ir kunda musulmonlarni tashlab qochdilar. Aytinglarchi, kim islom dinini himoya qilish uchun rahbarlik va mas’uliyatni zimmasiga oladi?

Jamoa ahli yakdillik bilan Mavlonzodani o’zlariga sardor etib sayladilar. Shundan keyin u xalqni dushmanga qarshi jang qilishga chaqirib harbiy tayyorgarlikni boshlab yubordi. “Harakatning rahnamolari, – deb to’g’ri yozadi ingliz olimi Xilda Xukxem, – madrasa talabasi Mavlonzoda, Nadof (paxta tituvchi) Abu Bakr barcha shahar ahliga murojaat qilib, o’z himoyalari uchun jangga otlanishga da’vat etishdi. Masjid yonidagi maydonda umumshahar majlisi chaqirilib turli tabaqalarga mansub bo’lgan o’n minggacha odam yig’ildi. Majlisda Mavlonzoda shahar hokimlarini qo’rqoqlik va ochko’zlikda ayblab, boshiga og’ir kun kelganida xalqni o’z holiga tashlab, qochib ketganlarini aytdi. “Qanchalik katta tovon to’lamaylik, – dedi u – baribir Samarqandni qutqarib qola olmaymiz. Shaharni omon saqlashning yolg’iz yo’li o’z hayotimizni himoya qilib, jangga otlanmakdir”. Shundan so’ng u aslzodalarga murojaat qilib, “Qay biringiz dini islom himoyasiga boshchilik qilishingiz mumkin?” – deb so’radi. Biroq ular “churq” etib og’iz ochishmadi. Shundan so’ng u xalqqa qilib, shahar mudofaasini o’zi tashkil etajagini aytib, bu ishda uni qo’llab-quvvatlashlari lozimligini iltimos qildi…”.

Xalq Mavlonzodani qo’llab uning boshchiligida mo’g’ullarga qarshi kurashishlarini bayon etdilar. Shaharning katta-kichik aholisining barchasi ko’tarinki ruh va g’ayrat bilan shahar mudofaasini mustahkamlashga nima zarur bo’lsa barchasini amalga oshirdilar. Chunonchi tor ko’chalarning ochiq tomoniga to’siqlar qurildi. Baquvvat va jasoratlik yigitlar qurollantirilib vazifalari belgilandi. Ularning soni 10 ming kishini tashkil etgan. Mavlonzoda uch kechayu uch kunduz uxlamay qo’l ostidagi vatan himoyachilarining jangovarligini ta’minlashga qaratilgan muhim choralarni ko’rdi. Ilyosxo’ja va qo’shinlari shaharni qamal qilib jangni boshladilar. Mavlonzoda ularni tuzoqqa tushirish uchun shaharga kiradigan bir ko’chani ochiq qoldirib, o’zi 2000 kishilik qurollangan odamlari bilan pistirmada turadi. Mo’g’ullar xotirjamlik bilan o’sha ko’chaga kirganida pistirmadagi shaharliklarning to’satda qilgan hujumiga bardosh berolmay ming kishini yo’qotib chekinadilar. Boshqa ma’lumot bo’yicha mo’g’ullardan ikki ming kishi o’ldirilgan. Ertasi kunida ham mo’g’ullar hujumni ehtiyotlik bilan qaytardilar. Biroq g’alabaga erisha olmay, qamalni tashlab ketishga majbur bo’ldilar. Sarbadorlarning bu g’alabasi katta ahamiyat kasb etib, ovozasi mamlakat bo’ylab tarqaldi. Shunisi kishilarni hayratga soldiki, yaqindagina Amir Husaynning kuchli qo’shinini tor-mor etgan Ilyosxo’ja, oddiy xalq tomonidan sharmandalarcha mag’lubiyatga uchratildi. Hatto samarqandliklarning g’alabasi haqida xabarni Amir Husayn ham, Amir Temur ham mamnuniyatlik bilan qarshi oldilar. Bu vaqtda Amir Temur Balxdan Qarshiga kelib harbiy tayyorgarlik ko’rmoqda edi. Sarbadorlar hokimiyatni qo’lga olib bir yil mobaynida shaharni boshqarib turishdi. Bu vaqtda “Sarbadorlardan chiqqan rahnamolar shaharda o’z hokimiyatlarini mustahkam o’rnatib feudal hukmdorlar va shuhratparast amirlarni bir chetga surib qo’ya boshlagan edilar”. Haqiqatan ham ular mo’g’ullarga tayanib boylik orttirgan va zulmni kuchaytirgan ayrim yuqori tabaqa vakillarini jazolaganlar.

Sarbadorlar dinni niqob qilib haddidan oshgan nufuzli kishilarni ham jazolagan bo’lsalar kerakki, ularni “dinsiz”likda ayblovchi tuhbat so’zlari tarqatildi. Aftidan Amir Husayn o’zining ashaddiy dushmani Ilyosxo’jani mag’lubiyatidan xursand bo’lgan bo’lsa kerakki, Samarqandga elchilar bilan to’n va belbog’lar, qilich va hokimiyatni boshqarishga vakolat beruvchi yorliqni jo’natgan. Bu elchi va sovg’alar Sarbadorlar tomonidan mamnuniyatlik bilan qabul qilingan. Ular Qarshida istiqomat qilayotgan Amir Temurga sovg’alar yuborishgan. O’z navbatida Sohibqiron Sarbadorlarga elchisini yuborib maslahatlarini yetkazgan.

Amir Husayn 1366 yil bahorida Samarqandga yurishi oldidan Sarbadorlar huzuriga elchi yuborib ularga to’la ishonishi va hurmat qilishini ma’lum qiladi. U Samarqand yon bag’ridagi Konigil degan so’lim joyga o’rnashganda sarbador boshliqlari sovg’alar bilan kutib oladi. Ammo Sarbadorlar ertasiga Amir Husayn huzuriga kelishayotganlarida uning odamlari hibsga oladilar. So’ngra ulaar osib o’ldiriladi. Shunday qilib Amir Husayn Sarbadorlarga ko’rsatgan hurmati va yuborgan sovg’alari shum niyat bilan qilingan siyosat bo’lib chiqdi. U Sarbadorlarning kuch-qudratidan xavfsirab ko’zbo’yamachilik bilan ularda ishonch hosil qilish va to’qnashishni oldini olish rejasini tuzgan. Uning bunday qilishi bejiz bo’lmagan, albatta. Zero, Sarbadorlar shaxsan Ilyosxo’jaga emas balki umuman mo’g’ullarning hukmronligiga qarshi kurashgan. Buni yaxshi tushungan Amir Husayn pirovardida Sarbadorlarning uning o’ziga ham qarshi kurashini oldini olish uchun hiyla-nayrang ishlatib, Sarbadorlarning talay qismini o’ldiradi.

Ayrim olimlar bu hodisalarning ro’y berishida Amir Husayn Amir Temur bilan birgalikda qatnashgan deb hisoblaydilar. Ammo, aslida Amir Temurning bunday qilishiga ishonish qiyin. Chunki barcha o’rta asr manbalarida uning Mavlonzodani o’limdan saqlab qolganligi uqdirib o’tilgan. Sohibqironning bu ishni qilishi tabiiy hol edi. Chunki uni o’zi ham mo’g’ullarning hukmronligi va zulmiga qarshi bo’lib oshkora kurashga fursatni kutmoqda edi. Shuning uchun ham Sarbadorlar o’zlarinign g’alabasi haqida dastavval elchi orqali Amir Temurga ma’lum qilgan edilar. Yuqorida ko’rsatilganidek unga sovg’alar ham yuborilgan.

Ko’rinib turibdiki, Amir Temur Sarbadorlar kurashiga xayrixojlik bilan qarab, ularning bosh sardorini o’limdan qutqarib qolgan. “Sarbadorlarning ayrim boshliqlari bilan, – deydi I.Mo’minov, – oldin ham aloqada bo’lganligi rivoyat qilinadi… Ammo Temur bilan Sarbadorlarning ayrim rahbarlari o’rtasidagi bu aloqada qaysi sabablarga ko’ra kelib chiqqanligi hali to’la aniqlangan emas. Bizning fikrimizcha, mo’g’ul zulmi asoratiga qarshi kurash va Movarounnahrda mustaqil davlat tuzish uchun olib borilgan harakatlar Sarbadorlarning ayrim rahbarlarini, birinchi navbatda, ularning ilhomchisi va ideologi Mavlonzodani va Temurni bir-birlariga yaqinlashtirgan, ko’makdosh etgan; xuddi shu sababdan Sarbadorlar boshliqlari Temur faoliyatining asosan birinchi davrda yuqoridagi maqsadni amalga oshirish uchun Temurni qo’llab-quvvatlaganlar, unga yordam berganlar”.

Mazkur satrlarda bayon etilgan fikrlarga to’la qo’shilish mumkin. Buni quyidagi ma’lumot ham tasdiqlaydi. Chunonchi, Amir Temurning mo’g’ullarga qarshi qaratilgan faoliyati uni Eronda yuzaga kelgan Sarbadorlar davlati bilan do’stlashishga olib kelgan. Bu yerda 1337 yilda Sarbadorlar mo’g’ullarning hukmronligini ag’darib, o’zlarining davlatini tashkil etgan edi. Bu davlat 1381 yilgacha, ya’ni salkam 45 yil hukm surgan edi. “Xoja Ali Mayyad taxtda o’tirgan vaqtda, – deyiladi manbada, Sarbadorlar mamlakati ziyod bo’ldi: Turshiz, Ko’histon, Tabs va Kilikini bosib oldi va Domg’ondan to Saraxsgacha (bo’lgan yerlarni) o’zining tasarruf tutamiga kiritdi. Ali Muayyad o’zining hukmronligi davrida ulug’ Amir, buyuk Sohibqiron Temur Ko’garon janoblari bilan hamjihat va sadoqatli bo’ldi: (Unga) do’st va hushmuomalada bo’ldi. Xoja Ali Muayyad bir necha bor Amir Vali bilan to’qnashdi va ularning bir-birlariga dushmanligi benihoya kuchayib ketdi. Amir Vali Sabzavor shahrini qamal qildi va Xoja Ali Muayyad ulug’ Amir Temur Ko’ragondan yordam, madad so’radi va Totu nomli kishini Samarqandga, Sohibqiron huzuria yubordi. To’rt oydan so’ng buyuk Sohibqiron Amir Temur Xurosonga lashkar tortdi. Xoja Ali Muayyad Saraxsga ulug’ Amir Temur Ko’ragonning istiqboliga bordi, sultonlik marhamatiga musharraf bo’ldi. Ulug’ Amir Temurning… unga sadoqati voqe’ bo’ldi va Xoka Ali Muayyad Xuroson mamlakatini Amir Temurning tasarrufiga topshirdi. O’zi Sohibqironning mulozimatiga mashg’ul bo’ldi.

Hikoyat qiladilarki… Xoja Ali Muayyad yetti yil Sohibqiron bilan hamsuhbat va unga mulozim bo’ldi. Uning jiyanlari va boshqa qarindoshlari ham o’sha mulozimatda unga hamroh edilar”. Binobarin Amir Temurning Sarbadorlarni qo’llab-quvvatlashiga shubha yo’q. Shunday ekan, nima uchun u Samarqandda Amir Husayn Sarbadorlarni jazolayotganda unga qarshi kurashmadi degaan savol tug’iladi. Sohibqiron sharoit taqozosiga ko’ra bu ishni qila olmas edi. Chunki Amir Husayn katta kuch va salohiyatga ega bo’lib, hali unga qarshi oshkora kurashish uchun Sohibqironda yetarli imkoniyat bo’lmagan. Shu bois u Amir Husayn bilan murosa qilishdan boshqa iloji bo’lmagan. Shunga qaramay u imkoni boricha harakat qilib Mavlonzodani o’limdan saqlashga erishadi.

Ayrim ma’lumotlarga qaraganda Sohibqiron Sarbadorlarni jazolamaslik xususida Amir Husayn bilan bahslashgan. Shuning uchun ham Sohibqiron bilan Amir Husayn o’rtasida o’sha masala bo’yicha nizo paydo bo’lgan, degan fikrlar mavjud. “Husayn Sarbadorlarning boshliqlarini, – deb yozadi ingliz olimi, mudhish jinoyatlarda aybladi. Abu Bakr Sarbadorlarning boshqa rahnamolari qatori qali etilibdi. Faqat Mavlonzodaga shafqaat qilishibdi – Sarbadorlarni dor ostiga olib kelishganda Temur uning gunohidan o’tishni so’rabdi. Shu ishi tufayli Temurga butun Samarqand ahlining mehri tovlanibbi. Husayn esa, aksincha, zolim sifatida la’nat o’qishibdi… Ehtimol Temur Sarbadorlar bilan, ayniqsa, ularning orasida aslzoda kimsalar bilan yaqin aloqa o’rnatgandir. Husayn bilan uning o’rtasida ana shu Sarbadorlarga nisbatan tutilgan siyosat yuzasidan ixtilof kelib chiqqandir”. Bunday fik sharqshunos olim A.Yakubovskiy tomonidan ko’tarilgan edi.

Xullas, mustaqillik va ozodlikni tiklashga qaratilgan Sarbadorlar qo’zg’oloni vahshiylarch bostirildi. Biroq u mo’g’ullarning kuch-qudrati va salohiyatiga qattiq zarba berdi. Ular o’zlarining irodasi va bilak kuchlariga qattiq tayangan holda kishini hayratga soladirgan darajada qahramonona jang qildilar. “Ma’lum muddat raiyyat (Sarbadorlar), – deyiladi manbada, – hech bir podshohning shon-shukuhisiz bosh-oyoq qurollangan g’aldor yov bilan adolat va haqiqat uchun mardlarcha kurashdilar. Dushmanga hujum qilishda va mudofaada shunday matonat ko’rsatdilarki, g’animlarning hukmronligi va istilo qo’li ul shahar aholisining nomus va moli etagiga yetmadi”.

Demak Sarbadorlar mo’g’ullarni tor-mor etib ona yurtni ulardan xalos etganlar. Amir Husayn ularning g’alabsidan cho’chib va hokimiyatni qo’ldan ketishidan xavfsirab, Sarbadorlarning faol qatnashchilarini o’ldirib, Samarqandni egallaydi.