IBODATXONA
IBODATXONA — dindorlarning Xudoga muayyan tartibda sig’inadigan joyi, diniy rasm-rusum va marosimlar o’tkaziladigan bino, inshootlar majmuasi. Ibodatxonaning qurilish uslubi va me’moriy bezagi diniy mavzular bilan bog’liq: masalan, xristianlik Ibodatxonalari cherkov, sobor, monasshir va boshqalar, katoliklarda kostyol, kapella va boshqalar, buddizm Ibodatxonalari tera, pagoda, zikkurat, dagoba, Stupa va boshqalar, yahudiylarda sinagoga, musulmonlarda masjid kabilar. Ibodatxonalar qadimdan yirik jamoat binolari hisoblangan. Qadimgi Misr ehrom (piramida) lari, Ossuriya va Bobilda zikkuratlar, Hindiston, Xitoy, Yaponiyada stupalar, qadimgi Rimda haykaltaroshlik va rassomlik asarlari bilan bezatilgan xashamatli Ibodatxonalar qurilgan. Keyinchalik Yevropada bazilika, roman, gotika, barokko, klassisizm, konstruktivizm uslubida qurilgan gumbazli Ibodatxonalar keng tarqalgan. O’zbekiston hududida turli davrlarda Budda Ibodatxonalari (Qoratepa, Fayoztepa), masjidlar, cherkov, Kostel, monastirlar barpo etilgan. Ibodatxonalarning taraqqiyot tarixi diniy talablardan tashqari, turli xalqlarda me’moriy taraqqiyotning umumiy yo’nalishi bilan ham belgilangan.